Belgorodda nima gaplar?
Belgorodda kechagi kun tushunarsiz boʻldi. Shaharda kun boʻyicha havo hujumidan trevoga hamda portlash ovozlari eshitilib turdi. Kutilmaganda roʻy bergan dronlar hujumi va Ukraina bilan chegara oʻtish punktlaridan birining yoʻq qilinishi nafaqat mahalliy aholi, balki Belgorod maʼmuriyati vakillarini ham vahimaga soldi.

Odamlar suratga olib tarqatgan video hamda fototasvirlarda ukrain tanklari, zirhli mashinalar hamda dronlar aks etgan. Ertalabki tartibsizliklar uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olgan “Rossiya ozodligi” legioni radiostansiyalar orqali shahar aholisini zudlik bilan evakuatsiya qilishga chaqirib, “Rossiya ozod boʻladi”, deb qaytargan. "Putin zombilaridan farqli oʻlaroq, biz tinch aholiga tegmaymiz va ulardan oʻz maqsadlarimiz uchun foydalanmaymiz”, degan guruh vakili.
Soat 11:38 da mahalliy gubernator Vyacheslav Gladkov mintaqadagi havo hujumidan mudofaa tizimi ertalab soat 9 dan beri ishlayotganini aytgan. Uning soʻzlariga koʻra, qurbonlar yoʻq. Raketaning bir qismi Antonovka qishlogʻidagi xususiy uyning bogʻiga qulagan. Shuningdek, u Kozinka va Gora-Podil qishloqlari minomyotlardan oʻqqa tutilgani, bu yerda “pichan ombori yonib ketgani” haqida xabar bergan.
Soat 12:02 da Gladkov Novaya Tavoljanka qishlogʻiga portlovchi qurilma tashlanganini eʼlon qildi va bu dron ekanligini tan oldi.
"Dronning oʻzi turar-joy binolaridan 100 metr uzoqlikda qulagan. Voqea joyida sapyorlar va tezkor xizmatlar ishlamoqda", — degan u.
Shu bilan birga, Gladkov xalqni "vahima qilmaslik"ka chaqirib, Belgorodga "jiddiy hujum" haqida gapirgan. Gladkov hujum oqibatida Grayvoron tumanida oʻnlab qurbonlar va jarohatlanganlar boʻlishi mumkinligi haqidagi maʼlumotni rad etdi va buning uchun alohida videomurojaat ham yozdi.
Soat 13:54 da "Rossiyaga Ozodlik" legioni Rossiya koʻngillilar korpusi kuchlari bilan birgalikda Kozinka qishlogʻini toʻliq ozod qilishga muvaffaq boʻlganini daʼvo qilgan.
Oʻz navbatida, Gladkov ham “Ukraina Qurolli kuchlari guruhi Grayvoron okrugi hududiga bostirib kirganini” maʼlum qildi.
Ukraina OAVlari Belgorodda Rossiya Federatsiyasi Federal xavfsizlik xizmati binosiga zarba berilganini xabar qildi.
Shahar uzra tutun koʻtarilayotgani aks etgan surat va videolarni Rossiyaning SOTA internet nashri telegram kanalida eʼlon qildi. “Belgorodda ular FXX binosiga zarba berishdi. Shaharda joriy qilingan aksilterror operatsiyasi rejimi tufayli, endilikda mintaqada rasmiy manbalarga asoslanmagan har qanday nashrlarni chop etish taqiqlangan”, — deyiladi xabarda.
Belgorod telegram kanallari soat 23:20 atrofida shahar markazida kuchli portlash sodir boʻlgani, shundan soʻng tutun ustuni koʻtarilgani haqida xabar bergan. Keyinroq Preobrajenskaya koʻchasi toʻsib qoʻyilgani haqida maʼlumot paydo boʻldi, voqea joyiga oʻt oʻchiruvchilar, politsiyachilar va tez yordam mashinalari yetib keldi.
Ayni paytda rossiyalik targʻibotchi Ribarning yozishicha, hujum nishonlari nafaqat FXX binosi, balki Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi departamenti ham boʻlgan.
Rossiya hukumati zudlik bilan Grayvoron tumanida evakuatsiyani amalga oshirmoqda, chunki bu mintaqadan uncha uzoq boʻlmagan joyda “Belgorod-22” deb nomlangan Rossiya yadroviy zaxiralari saqlanadigan ombor mavjud.