platina.uz
Jamiyat

Abdulloh Egamberdiyev! Ha, bu oʻsha! Bugunning qahramoni!

Hech bir ixtisoslashgan yoki Prezident maktabining emas, balki poytaxtdagi oddiy umumtaʼlim maktabining 4-sinf oʻquvchisi 7,5 ball bilan IELTS xalqaro sertifikatini qoʻlga kiritdi. Poytaxtdagi oddiy umumtaʼlim maktabining 11 yoshli oʻquvchisi bu natijaga qanday erishgani haqida platina.uz ga bergan eksklyuziv intervyusida aytib berdi.

Abdulloh Egamberdiyev! Ha, bu oʻsha! Bugunning qahramoni!

Maʼlum boʻlishicha, kun qahramoni Toshkent shahrining Mirobod tumanidagi 147-sonli umumtaʼlim maktabining 4-"B" sinf oʻquvchisi Abdulloh Egamberdiyev. Biz uni topdik va suhbatlashdik.

Uning aytishicha, ingliz tilini oʻrganishga boʻlgan qiziqish yoshligidan mavjud boʻlib, uyda ota-onasi bilan ham chet tilida muloqotda boʻlar ekan.

Abdulloh EGAMBERDIYeV: – Yoshligimdan YouTube platformasi orqali multfilmlarni ingliz tilida tomosha qilar edim va dastlab shu orqali bu tilni oʻrganganman. Keyinchalik maktabda ingliz tilini mukammal oʻrganishga kirishdim. Darsdan keyin qolib, oʻqituvchimiz bilan qoʻshimcha dars qilar edim. Uyga borgach, dadam va oyim menga darslarimda koʻmaklashar, hatto uydagi muloqotimiz ham aynan ingliz tilida boʻlar edi. Men yuqori natijalarni qoʻlga kiritishimga asosiy sabab ham shu aslida.

Abdullohning aytishicha, ingliz tilini oʻrganish, imtihonga tayyorlanish biroz unga qiyinchilik tugʻdirgan, lekin IELTS imtihoni vaqtida hech ham hayajonga tushmaganini, ayniqsa, test jarayonini osonlik bilan topshirganini aytib oʻtdi.

Xalqimizda "Ustozidan oʻtmagan shogird shogird emas" degan naql bor. Abdullohga ingliz tilidan saboq beruvchi oʻqituvchining IELTS koʻrsatkichi 6,5 ballni tashkil qiladi, yosh shogirdning natijalari esa 7,5 ball. Aslida oʻqituvchining taʼlim dargohida tahsil berishi uchun olingan IELTS natijalari emas, balki shogirdlarining erishayotgan yutuqlari eʼtiborga molik jihat.

Rayhon KOMILOVA, ingliz tili fani oʻqituvchisi: Biz u bilan 3-sinfda ishlashni boshladik va dastlab umumiy bilimlarini oshirdik. 4-sinf noyabr oyidan boshlab IELTS imtihoni uchun tayyorlovni boshladik. Bu pallada dastlabki 3 oy yengil oʻtdi, keyin esa dasturlar qiyinlashgani sari unda biroz qiyinchilik boʻldi. Baʼzida yigʻlagan holatlarini ham eslayman. Chunki bu imtihon juda murakkab. Abdullohning vazminligi, biror qiyinchilikka oson taslim boʻlmasligi, topshiriqlarni mukammal bajarib, ingliz tilini aʼlo darajada oʻzlashtirgani uning yuqori ball toʻplashiga sabab boʻldi, nazarimda.

Xorazm viloyatidan kelib poytaxtda qariyb 10 yildan buyon faoliyat yuritayotgan oʻqituvchi Rayhon Komilovaning taʼkidlashicha, IELTS imtihonidan yuqori natijalarga erishish uchun aynan qimmat oʻquv kurslarida tahsil olish shart emas. Shunchaki dars jarayonidagi barcha bilimlarni doimiy takrorlab, kundalik soʻzlashuv uslubini ham yon-atrofidagilar bilan ushbu tilda olib borsa, maqsadga muvofiq.

Zamira ISAYeVA, 147-maktab direktori: Men maktabga 2021 yilda rahbar boʻlib kelganman. Oʻsha yili bitiruvchilarning 8 nafari OTM talabasi boʻldi. 2022 yilda esa bu koʻrsatkich 22 tani tashkil qildi. Demak, har qanday muhitda taʼlim sifatini oshirsa boʻladi, degan qarash menga yanada masʼuliyat yukladi. Bilasizmi, men maktabimda tahsil olayotga 700 ga yaqin oʻquvchining har birini shaxsan taniyman.

Abdulloh ham menga fanzandimdek boʻlib qolgan. Uning bugungi kundagi yutuqlari esa meni har qachongidan quvontirdi va maktabimiz nufuzini yanada oshirdi. Bu uchun nafaqat uning oʻziga, ustozi va ota-onasiga ham alohida tashakkur, deb qolaman.

Abbosjon IMOMOV

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid