Fargʻonada 80 ming AQSh dollariga yerni sotmoqchi boʻlgan ferma raisi ushlandi
Buvayda tumanida bogʻdorchilik uchun ajratilgan 0,75 gektar yerni noqonuniy sotmoqchi boʻlgan fermer xoʻjaligi rahbari qoʻlga olindi.

Fargʻona viloyatining Buvayda tumanida fermer xoʻjaligiga ajratilgan yer maydonini noqonuniy sotishga urinishning oldi olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti matbuot xizmati xabar berdi.
“Sh.S.” fermer xoʻjaligi rahbari F.M. “Gʻ.” MMTP hududidan bogʻdorchilik yoʻnalishida foydalanish uchun ajratilgan sugʻoriladigan yer maydonining 0,75 gektarini fuqaro G.B.ga 80 000 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga tushgan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 229-6-moddasi (sugʻoriladigan yer uchastkasiga yoki uning bir qismiga boʻlgan huquqni sotish yoxud qonunga xilof ravishda boshqacha tarzda oʻzga shaxsga berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.