platina.uz
Maqola

Yashash qimmatga tushyapti, ayniqsa shaharda

Bugungi kunda shaharda yashash insonlarga juda qimmatga tushyapti. Moddiy qiyinchiligu qimmatchilik bir yondan choʻntagimizni kemirsa, ekologik muammolar, turli-tuman shovqinlar bir tomondan sogʻligimizni yemiryapti.

Yashash qimmatga tushyapti, ayniqsa shaharda

Kechayu kunduzning farqi yoʻq

Bugun Oʻzbekiston katta qurilish maydoniga aylangan, ayniqsa poytaxt Toshkentda bu jarayon jadal ketmoqda. Uy qurib sotish, osmonoʻpar binolar tiklash tadbirkorlarga yaxshigina foyda keltirayotgani aniq, ammo bu oddiy aholiga juda qimmatga tushyapti. Bu qurilishlardan chiqadigan chang bir muammoga aylangan boʻlsa, endi qurilish va taʼmirlash ishlari natijasida hosil boʻladigan shovqinlar ham aholini bezovta qilib qoʻymoqda. Qurilish ishlari olib borilayotgan hududlarda yashovchilar doimiy shovqindan norozi.

Men Yangihayot tumanida yashayman. Bu yerda hali uylar qurilishi davom etyapti. Istalgan vaqtda taqirlatishni boshlaydi, bu yerda tun boʻyi ham qurilish qilishadi. Qurilish yaqin masofada boʻlgani uchun derazani ochsak, shovqini juda baland eshitiladi. Uxlay olmay, necha marta janjal qilgan holatlarimiz ham boʻlgan”, - deydi Akbar Eshonqulov.

Yana bir muammo nafaqat qurilish davomida, umuman qoʻshinlarimiz ham uyida taʼmirlash ishlarini qilsa, boshqalarni ogohlantirmaydi. Bu esa kelishmovchiliklarni keltirib chiqaradi. Drel va turli shovqinlar sabab chaqaloqlarning uyqusi buziladi. Bolam endi uxlaganda dril ovozi eshitilib qoladi. Qoʻrqib uygʻonib ketadi. Bir devor narida eshitilgani uchun ovozi juda baland. Bu yosh bolalarning psixologiyasiga juda yomon taʼsir qiladi. Hatto katta odam choʻchib uygʻonsa, qanday yomon boʻladi. Yosh bolani tasavvur qilavering”, - deydi Uchtepa tumanida yashovchi Gulchehra Jamolova.

Chilonzor tumanida yashovchi Javohir Egamberdiyev esa tuni bilan mashinalar shovqinidan arzi-hol qiladi.

Uyimiz katta yoʻl yaqinida joylashgan. Tuni bilan mashinalarning signal tovushlari, keskin toʻxtashlariyu, yuk mashinalarining yerni titratib ketishi eshitilib turadi. Uxlolmay, asablarimiz taranglashib ketadi”, - deydi u.

Har beshtadan bitta ruhiy kasallik shovqin tufayli yuzaga keladi

Urbanizatsiyalashgan shaharlarda shovqin-suron juda koʻp asab kasalliklarini keltirib chiqaradi. Yaponiya milliy hisoboti dalillariga koʻra, mamlakat aholisini eng koʻp bezovta qiladigan unsur shovqin ekan. Angliyadagi shifokorlarning tahliliga koʻra, erkaklarning toʻrtdan bir va ayollarning uchdan biri shovqin oqibatida asab kasalliklariga uchrar ekan. Fransuz ruhshunoslarining bildirishicha, ruhiy kasalliklar shifoxonasida davolanayotgan bemorlarning har beshtasidan bittasi shovqin tufayli aqlidan ajragan ekan.

Shovqinning asab tizimiga salbiy taʼsiri ish jarayonidagi oʻta asabiylashish bilan bir xil ekani tadqiqotlarda isbotlangan. Yuqori darajadagi shovqin homilaga ham oʻta salbiy taʼsir koʻrsatishi aniqlangan boʻlib, tugʻilajak chaqaloqlarda turli nuqson va tugʻma kasalliklarni keltirib chiqarar ekan.

Shovqin taʼsiriga qarshi kurashish zarurati bor

Kishilar ongiga taʼsir qiluvchi shovqin taʼsiriga qarshi kurashish zarurati xalqaro darajada eʼtirof etilgan. Jumladan, BMT Inson huquqlari kengashining 2021 yil 5 oktabrdagi 48-sessiyasida insonning xavfsiz, toza, sogʻlom va barqaror atrof-muhitga boʻlgan huquqini umuminsoniy huquq sifatida eʼtirof etgan rezolyutsiya qabul qilindi.

Oʻzbekistonda esa fuqarolar va jamiyatni shovqindan himoya qilish sohasida qator muammolar mavjud. Xususan, bugungi kunga qadar mamlakatimizda zararli shovqin taʼsiriga qarshi kurashish masalalarini tartibga soluvchi yagona normativ-huquqiy hujjat qabul qilinmagan.

Misol uchun, “Avtomobil transporti toʻgʻrisida”gi Qonunga muvofiq, avtotransport vositalari xavfsizlik, mehnatni muhofaza qilish, ekologiya, sogʻliqni saqlash va xavfsizlik talablariga, shuningdek, standartlar va texnik shartlarga muvofiqlik sertifikatiga ega boʻlishi kerak. Ayni paytda, “tungi vaqt” boʻyicha yagona tushuncha ham mavjud emas. Masalan, ushbu vaqt Mehnat kodeksining 188-moddasiga muvofiq – soat 22:00 dan 06:00 gacha, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 192-moddasiga muvofiq 23:00 dan 06:00 gacha, “Turar joy binolarida, jamoat binolari va uy- joy qurilishi hududlarida ruxsat etiladigan shovqin meʼyorlaridan oshmasligini taʼminlashga qoʻyiladigan sanitariya qoidalari va normalari”ga (SanPiN 0267-09-son) muvofiq esa – 23:00 dan 07:00 gacha deb belgilangan.

Shuningdek, ushbu sohada maʼlum ilmiy izlanishlar mavjud emasligini ham taʼkidlash zarur. Maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi 20 yil ichida shovqin sohasida faqat bitta keng qamrovli tadqiqot oʻtkazilgan.

Shuni taʼkidlash kerakki, bir qator xorijiy mamlakatlarda shovqinga qarshi kurash maxsus qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi. Misol uchun, Yaponiyada 1968 yilgi “Shovqinni tartibga solish toʻgʻrisida”, Amerika Qoʻshma Shtatlarida 1972 yilgi “Shovqinni nazorat qilish toʻgʻrisida”, Buyuk Britaniyada 1996 yilgi “Shovqin toʻgʻrisida” qonunlar mavjud.

Germaniyada transport harakati shovqiniga qarshi kurashda yoʻllar chetidagi shovqin darajasini aniqlash uskunalaridan faol foydalaniladi.

Fransiyada avtomatik foto-videokameralar shovqin darajasi kuchli boʻlgan avtomashinani tanib olish, avtomatik ravishda suratga olish va uning raqamini oʻqish qobiliyatiga ega shovqin radarlari bilan jihozlangan, ushbu tizim avtotransport egasiga jarima toʻlash zarurligi haqida xatni avtomatik ravishda yuboradi.

Xorij tajribasini oʻrganish asosida yurtimizda ham bir necha tartib, qoidalarni ishlab chiqish zarur. Eng avvalo, shovqinning salbiy taʼsiriga qarshi kurashishni yanada puxta va aniq tartibga solish lozim. Shuningdek, ruxsat etilgan shovqin darajasiga aniqlik kiritish, belgilangan darajadan ortiq shovqin taʼsiri uchun tovon toʻlashning huquqiy mexanizmini yaratish kerak.

Ushbu tashabbuslarning imkon qadar tezkorlik bilan amalga oshirilishi jamiyat hayotini yaxshilash, shovqinning salbiy taʼsiriga barham berish, shuningdek, zararli mehnat sharoitlariga ega ishchilar hamda shovqin taʼsiri mavjud noqulay hududlarda yashovchi aholi uchun adolatli kompensatsiya toʻlovlari joriy etilishiga xizmat qiladi.

Shahruza Saʼdullo qizi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid