platina.uz
Maqola

“Pabji” epidemiyasi

Bir kunda 10 soat “pabj” oʻynaydigan yoshlar haqida nima deyish mumkin?

“Pabji” epidemiyasi

Albatta, salbiy fikr bildirish toʻgʻridek tuyuladi. Negaki, bu vaqtni bekorga sarflash va hokazo. Lekin biz masalaning boshqa bir tomonlariga eʼtibor bermagan boʻlamiz.

Bir doʻstim qishlogʻiga borsa, 4-5 soat futbol oʻynashini aytgandi. Futbol bu sport, u esa sogʻliq uchun foydali, deyishga shoshilmang. Doʻstim bugun stadionga borib, sogʻlomroq boʻlishim kerak, deb oʻynamagani aniq. Undan sababini soʻraganimda “mazza qilish uchun” degan javobni oldim. Aynan shu ikki holatning umumiy nuqtasi hisoblanadi. Odamlar nega kunu tun “pabj” oʻynaydi, degan savolga ham xuddi shunday javob berish mumkin. (“Pabj” shunchalik mashhurki, siz uni mobil oʻyin ekanligini darhol tushungan boʻlsangiz kerak)

Lekin nega?

Men bir nechta “pabj”chilar bilan suhbatlashdim. Ulardan ketgan vaqtingizga achinasizmi, deb soʻraganimda barchasi “ha” deya javob berishdi.
Unda nega oʻynashni toʻxtatmaysiz? – dedim.

Bu savolimga esa baʼzi birlari oʻyinga narkotik kabi bogʻlanib qolishganini tan olishdi.
Savollar koʻp edi, men esa javoblardan tushunganlarim bilan oʻrtoqlashmoqchiman.

Tartibsiz boʻsh vaqtlar
Biz qaysi sohada ishlashimiz yoki oʻqishimizdan qatʼi nazar maʼlum darajada boʻsh vaqtlarimiz boʻladi. Koʻpincha u umuman rejalashtirilmaydi.
Ijtimoiy tarmoqlardan ham zerikkanlar virtual ijtimoiylikni yangi bir darajaga koʻtargan “pabj”ga qaram boʻlib qoladilar. Chunki unda ham oʻynash, ham suhbatlashish, ham tanishish va hatto sevishish mumkin.

Natijada siz umuman boshqa virtual dunyoda yashay boshlaysiz. Bu esa shaxsiy rivojlanishingiz uchun sizga vaqt ham, imkoniyat ham qoldirmaydi. Shuning uchun boʻsh vaqtni rejalashtirish kerak.

Ota-onalar esa farzandlarining qiziqishlaridan kelib chiqib ularning hayotini yoʻnaltirganlari maʼqul. Aks holda oʻzi qiziqmagan mashgʻulot bilan shugʻullanishni istamagan bolalar boshqa qiziqarliroq mobil oʻyinlarga berilishlariga toʻgʻri keladi.

Yaltiroq oʻramlardan foydalanish

“Pabj”, umuman, mobil oʻyinlar, ijtimoiy tarmoqlar sizga juda jozibali koʻrinadi. Ular sizga zavq bagʻishlaydi. Aksar foydali ishlar esa qiyin va ogʻriqlidek goʻyo.

Shu oʻrinda bir ustozimning kitob oʻqish borasidagi maslahatini eslash foydali. Unga koʻra, kitobning maʼlum bir qismini yoki butunlay oʻqib boʻlganingizdan keyin oʻzingizga nimanidir sovgʻa qilishingiz kerak. U har xil koʻrinishda yoki shaklda boʻlishi mumkin.
Taqqoslash uchun: bolalarni oʻz domiga tortgan “pabj” oʻz oʻljasiga juda koʻp narsalarni sovgʻa qiladi: kiyimlar, qurollar, muloqot mimikalari, raqslar va hokazo. Ular shunchalik oʻyinchilarni qiziqtiradiki, baʼzilar uni pulga ham sotib olishadi. Suhbatdoshlarimdan biri shuning uchun 700 AQSh dollar sarflaganini aytib berdi. Endi tushungandirsiz, nima demoqchiligimni.

Shunday ekan, foydali ishlaringiz uchun oʻzingizga bonus bering.

Muqobillikning kamligi
Hayotimizda muqobillikning kam boʻlishi koʻpchilikning aynan bir narsa atrofida toʻplanib qolishiga olib keladi. Tasavvur qiling: maktab oʻquvchisining darsdan boʻsh vaqtini modellashtirmoqchimiz.

Shaharlardaku nisbatan imkoniyatlar keng. Ammo qishloqlarda-chi?

Maktabdan qaytgan oʻquvchiga nima taklif qila olamiz? (chorvani boqishdan boshqa). Axir aksar qishloqlarda sanʼat maktablari, sport inshootlariyu turli toʻgaraklar yoʻq!

Ular zamonaviy dunyo uchun anchayin sodda hayot kechirishadi. Lekin ularning qoʻlida mobil telefon bor. Endi ayting-chi, vaziyat ularni qaysi tomonga yetaklaydi?

Manimcha, ayb sutkaning toʻrtdan bir, tunning uchdan bir qismida mobil oʻyin bilan band boʻlayotganlarda emas. Tartibga solinmagan hayot va mavjud vaziyat ularni shunga majbur qilayotgan boʻlishi mumkin. Biz qachonki sabablarni oʻzgartirsak, oqibat ham oʻzgara boshlaydi.

Bobur ShAVKATOV

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid