platina.uz
Jahon

Putin migrantlar koʻp keladigan mamlakatlarda rus maktablarini koʻpaytirmoqchi

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Pyatigorsk shahrida oʻtgan Millatlararo munosabatlar Kengashi yigʻilishida nutq soʻzladi. Uning nutqi har doimgidek “hamma muammolarga Gʻarb aybdor” qabilidagi jumlalar bilan toʻlib-toshgan.

Putin migrantlar koʻp keladigan mamlakatlarda rus maktablarini koʻpaytirmoqchi

Shuningdek, migrantlar eng koʻp keladigan davlatlarning rahbarlari yuzaga kelib turadigan muammolar boʻyicha hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgan. “Gap rus maktablarini ochish, oʻzimizning jamoat tashkilotlarimiz, Rossiyaning milliy birlashmalari bilan yaqindan hamkorlik qilish haqida bormoqda”, – degan Rossiya prezidenti.

Putin, shuningdek, migratsion siyosat masalalarida rossiyaliklarning manfaatlaridan kelib chiqishga chaqirdi.

Rossiya rahbarining migrantlarga bunday “mehribonligi” ortida boshqa sabablar ham boʻlishi mumkin.

Masalan, 15 may kuni Vladimir Putin Rossiya armiyasida “maxsus harbiy operatsiya” oʻtkazish davrida xizmat qilish uchun shartnoma tuzgan xorijliklarga soddalashtirilgan tartibda fuqarolik berish haqidagi Farmonni imzoladi. Mazkur yigʻilish ham shunga oʻxshash biror “mehribonlik” debochasi boʻlishi mumkin.

Migrantlar koʻp keladigan mamlakatlarda rus maktablarini koʻpaytirish esa Putinning tajovuzkor xarakterga ega “Rus dunyo”si vositasida Rossiyaning boshqa davlatlarga siyosiy taʼsirini kuchaytirishga xizmat qilishi tabiiy.

Qayd etish joiz, Rossiyadagi xorijlik mehnat muhojirlari huquqlari toptalishidan, legal ishlash uchun talablar ogʻirligidan koʻp shikoyat qiladi.

Mahalliy millatchi guruhlarning asosiy nishon va qurbonlari ham, huquq-tartibot idoralarining noqonuniy muomalasidan jabr chekuvchilar ham asosan mehnat migrantlari hisoblanadi.

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi ortidan, mehnat muhojirlarini “goʻsht” sifatida urushga yollashga urinishlar kuchaydi.

Targʻibot-tashviqot hamda urushga yollash ishlariga hatto Rossiyadagi Markaziy Osiyo xalqlarining milliy diasporalari rahbarlari va masjidlarning imomlari ham jalb etilmoqda.

Hatto turli huquqbuzarliklarni sodir etib qamoqqa tushgan migrantlarni yollash ishlari ham avj olgan.

Rossiya Federatsiyasi Tergov qoʻmitasining rahbari Aleksandr Bastrikin esa Rossiya fuqaroligini olgan sobiq migrantlarni birinchi navbatda urushga joʻnatish taklifi bilan chiqqan.

Eslatish joiz, Markaziy Osiyoning deyarli barcha mamlakatlarida xorijiy armiyalarda harbiy xizmat oʻtash ogʻir jinoyat hisoblanadi va bunday jinoyatni sodir etgan fuqarolar koʻp muddatga ozodlikdan mahrum etiladi. Shunday jangari ustidan eng dastlabki sud 17 may kuni Qirgʻizistonda oʻtkazildi. Jalolobod viloyati, Otboshi tumanida 1992 yilda tugʻilgan fuqaro K.u.A. Ukrainaning Lugansk viloyatida rus bosqinchilari safida jang qilgani uchun sud hukmi bilan 10 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid