Jamoatchilik nazorati kuchini koʻrsatdi
Ijtimoiy tarmoqlarda fuqarolarning Yunusobod tumanida 8-mavze,17, 19 va 20-uylar oraligʻida olib borilayotgan qurilish ishlaridan noroziligi manzilga chiqib atroflicha oʻrganilgach, adolatli yechim topildi.

Ushbu holat Toshkent shahar hokimligi va vakolatli davlat tashkilotlari tomonidan manzilga chiqib atroflicha oʻrganilgan.
Aniqlanishicha, Toshkent shahar hokimining 2018 yil 5 fevraldagi 187-sonli qarori bilan "FRANCHISING INVEST" MChJga Yunusobod tumani, 8-mavze 17, 19 va 20-uylar oraligʻidagi 1,23 gektardan iborat yer maydoni mavjud avtoturargohni oʻz hisobidan buzish va oʻrnatilgan tartibda yetkazilgan zararlarni qoplash hamda aholining roziligini olish sharti bilan koʻp qavatli bino qurish uchun ajratib berilgan.
"Aholi roziligini olish muhim shart sifatida belgilangan", deyiladi hokimlik xabarida.
Shunga koʻra, quruvchi kompaniya bu hududdagi bunyodkorlik ishlarini shu hududda yashovchi aholining roziligi bilangina boshlashi mumkin.
19 may kuni Qurilish tashkiloti Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi bosh boshqarmasi tomonidan qurilishni aholining roziligisiz boshlamaslik, aks holda loyiha va loyiha oldi hujjatlari bekor qilinishi xususida rasman ogohlantirildi.