"Grant" asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati oʻz kuchini yoʻqotmagan — vazirlik
Ijtimoiy tarmoqlarda davlat granti asosida tahsil olgan OTM bitiruvchilarini majburiy tartibda kamida 3 yil ishlab berish talabi bekor boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi.

Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi ushbu maʼlumotlar yuzasidan bayonot berdi.
Maʼlum qilinishicha, prezidentning 2005 yil 2 iyundagi qarori 6-bandida Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqish yuklatilgan.
Mazkur topshiriqqa muvofiq, 2005 yil 7 iyuldagi 58, 154-1, 19 va 02/2658-sonli qaror bilan tasdiqlangan nizomga koʻra, oliy taʼlim muassasalarini davlat granti asosida tahsil olib tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berishi majburiyati belgilangan.
Davlat rahbarining 2022 yil 15 iyundagi 279-son qarori bilan prezidentning ayrim qarorlari, jumladan, 2005 yil 2 iyundagi 92-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblandi.
Mazkur qaror ijrosiga koʻra ishlab chiqilib, tasdiqlangan Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom oʻz kuchini yoʻqotmagan.
Vazirlik izohiga koʻra, nizomdagi tartiblar yangi huquqiy normalarga zid emas va ushbu nizomni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish boʻyicha qoida biror-bir normativ hujjatda koʻzda tutilmagan.
Yaʼni, oliy taʼlim muassasalarini davlat granti asosida tamomlagan bitiruvchilarning uch yil ishlab berish majburiyati hozirgi kunda ham amal qiladi.