platina.uz
Jamiyat

Taqiqlangan saytlar va sahifalar yana eʼlon qilindi

Diniy qoʻmita xulosasiga koʻra, Oʻzbekistonda taqiqlangan ekstremistik va terroristik kontentlar: saytlar, sahifalar nomlari ommaga oshkor qilindi. Bu nashida orqali oʻzi bilmagan holda qamalib ketgan yoshlar ishi ortidan roʻy beryapti.

Taqiqlangan saytlar va sahifalar yana eʼlon qilindi

Bu amaliyot xorijda ham keng qoʻllaniladi. Yoshlar, aholi adashib xato yoʻlga kirib ketmasligi uchun shunday tashkilotlar roʻyxati tuzilib, ommaga eʼlon qilib turiladi.

Misol uchun, AQShda 68 ta, Rossiyada 47 ta, Buyuk Britaniyada 78 ta va Turkiyada 15 ta ekstremistik va terroristik tashkilotlarning faoliyati taqiqlangan, shu bilan birga, Rossiyada 5342 ta, Qirgʻizistonda 167 ta va Tojikistonda 2417 ta radikal kontentlar sud tomonidan taqiqlangan.

Oliy sudning 60 ga yaqin qarori chiqarilib, ularga muvofiq 500 dan ortiq kontent radikal mazmunda deb topilgan hamda ularni Oʻzbekiston hududida tayyorlash, tarqatish, saqlash, olib kirish va namoyish etish taqiqlangan.

Taʼkidlash joizki, noqonuniy deb topilgan kontentlardan aholini xabardor etish – mazkur yoʻnalishda olib borilayotgan faoliyatning samaradorligini belgilab beruvchi muhim omillardan hisoblanadi.

Prezidentning “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-4436-son qaroriga koʻra, Adliya vazirligi va Oliy sud oʻzining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar roʻyxatini eʼlon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini taʼminlashi belgilangan.

Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining “Diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish hamda dinshunoslik ekspertizasini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida” 2022 yil 14 apreldagi 180-son qaroriga koʻra, har qanday diniy mazmundagi materiallar dinshunoslik ekspertizasi oʻtkazilishi va ekspertizaning ijobiy xulosasi ularni Oʻzbekiston hududida tayyorlanishi, olib kirilishi va tarqatilishi uchun asos hisoblanishi qayd etilgan.

Mazkur qarorga asosan, Din ishlari boʻyicha qoʻmita muayyan bir shaxsga yoki uning xatti-harakatlari yuzasidan ekspertlik xulosasini bermaydi. Qoʻmita huquq-tartibot organlari taqdim etgan diniy mazmundagi materiallarning mazmuni yuzasidan davlat dinshunoslik ekspertizasini oʻtkazadi hamda ular boʻyicha ekspertlik xulosasini Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlari talablariga muvofiq tayyorlaydi.

Shu bilan birga, diniy mazmundagi materiallar tegishli qonun hujjatlariga koʻra:

  • jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsiy yoki ijtimoiy mavqeiga qarab yoki boshqa holatlarga koʻra kamsitish yoxud oʻzga shaxslar mahsulotlarini obroʻsizlantirish;
  • Oʻzbekistonning mavjud konstitutsiyaviy tuzumi, hududiy yaxlitligini zoʻrlik bilan oʻzgartirishga daʼvat qilish;
  • urush, zoʻravonlik, terrorizm, shuningdek diniy ekstremizm va separatizm gʻoyalarini targʻib etish;
  • milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qoʻzgʻatuvchi axborotni tarqatish;
  • diniy eʼtiqodni oʻzgartirishga daʼvat qilish;
  • dindorlarning diniy tuygʻularini haqorat qilish yoki kamsitish;
  • fuqarolarni oʻz konstitutsiyaviy majburiyatlarini bajarmaslikka chaqirish;
  • davlat, jamoat yoki diniy tashkilotlarning huquqlari va mol-mulkiga tajovuz qilishga undash kabi gʻoyalar aks etgan materiallarni Oʻzbekiston hududida tayyorlash va tarqatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid