Oʻzbekiston Tojikiston bilan muhim shartnoma imzoladi
Oʻzbekiston Tojikistondan 1,285 mldr. kVt/soat elektr quvvati import qiladi. Ikki davlat kompaniyalari 2023 yil may-sentabr oylarida elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolagan. Oʻzbekiston Energetika vazirligi shu haqda xabar bergan.

Joriy yilning 12 may kuni Oʻzbekistonda energetika va suv resurslari barqarorligini hamda isteʼmolchilarni elektr energiyasi bilan taʼminlash maqsadida “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va “Barqi Tojik” kompaniyasi oʻrtasida joriy yilning may-sentabr oylarida elektr energiyasini yetkazib berish boʻyicha shartnoma imzolangan.
“Barqi Tojik” OAXKning 2020 yil 13 iyuldagi xatiga asosan Vaxsh daryosining suvi 50 foizga kamaygani, natijada Nurek GES suv omborida suv sathining 2019 yilga nisbatan 10 metrga pasaygani bois, 2020 yil 16 iyuldan boshlab, Oʻzbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish qisman toʻxtatilgan edi.
Natijada 2021 yil may-sentabr oylarida 1 143,6 mln kVt/soat, 2022 yil aprel-sentabr oylarida 823,2 mln kVt/soat elektr energiyasi import qilingan xolos.