“Oyligi botmon bosar”: katta maosh va mukofot faqat rahbarlarga yarashadimi?
Soʻnggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda goh u, goh bu davlat tashkilotlarida rahbarlarning oʻzlariga “otning kallasidek” maosh va mukofot pullari yozdirib olishayotgani haqida xabarlar chiqib turibdi.

“OʻzTest” rahbari yeganini “qusishi”ga toʻgʻri keldi
Jumladan, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi “Oʻzbekiston ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi” (OʻzTest) rahbariyatining yanvar-fevral oylarida katta miqdorda olgan oylik maoshlari va markaz ishchilari oyliklarida cheklovlar yuzaga kelayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Unga koʻra, muassasa bosh buxgalteri yanvar-fevral oylarida umumiy hisobda 469 million soʻm, rahbari Jamshid Gʻaniyev esa ikki oy uchun 136 million soʻm maosh olgani koʻrsatilgan. Eng qizigʻi, Jamshid Gʻaniyevning maoshi xodimlarnikidan 20-30 marta koʻproq. Oddiy xodimlarning oylik maoshi 3-4 million soʻm, xolos.
Muassasa direktori va buxgalterining haddan ortiqcha maoshlari fonida ijtimoiy tarmoqlarda boshqa bir jadval nusxasi, yaʼni tashkilotning yuqori maosh oladigan barcha xodimlari haqida maʼlumot tarqaldi. Unga koʻra, ikki oy davomida tashkilotdagi turli lavozim egalari 30 milliondan tortib 468 million soʻmgacha maosh olishgan. Keyinchalik bu xabar rost ekani tasdiqlanib, hujjatlar huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga yuborildi va natijada “OʻzTest”ning rahbari egallab turgan lavozimidan ozod qilingan.
Davlat pulini “tuya qilayotgan” mansabdorlar roʻyxati davom etadi
Aftidan, bunday holatlar mamlakatimizdagi byudjet tashkilotlarida ham tizimli muammoga aylangan koʻrinadi. OʻzTest mojarosi tugamasidan, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi huzuridagi yana bir tashkilot – Oʻzbekiston milliy metrologiya institutining direktoridan tortib yuristigacha yuqori maosh olgani haqida maʼlumot tarqaldi. Internetga sizdirilgan roʻyxatda institut direktorining bir yil davomida 272 million, bosh buxgalterining 303 million, yuristining 402 million hamda boʻlim boshliqlarining 141 va 148 million soʻmdan oylik maosh olgani qayd etilgan.
Taʼkidlanishicha, xodimlarga Institut faoliyatining samaradorligini baholash mezonlari, faoliyatni takomillashtirish boʻyicha takliflar va chora-tadbirlar ishlab chiqishda qoʻshgan hissasi, tegishli xalqaro tadbirlarni (uchrashuv, yigʻilish, konferensiya va hokazo) tashkillashtirishdagi faol ishtiroki, alohida tashabbuslari uchun ragʻbatlantirish amalga oshiriladi.
Afsuski, Oʻzbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tizimidagi ushbu ikki tashkilotning gʻalvasi sovumasidan, yana bir davlat tashkilotida byudjet pullari “tuya qilinayotgani” haqida xabarlar paydo boʻldi.
Bu gal ijtimoiy tarmoqlarga sizdirilgan maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston Gidrometeorologiya agentligi rahbarlari oʻz maoshlariga qoʻshimcha ravishda ragʻbatlantirish tayinlagan. Gidrometeorologiya xizmati markazining bosh direktori Sherzod Habibullayev oʻzini oʻzi 46 million soʻm bilan ragʻbatlantirgani haqidagi buyruq nusxasi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab boʻlmoqda.
Gidrometeorologiya xizmati agentligi direktori tomonidan imzolangan “Oʻzgidromet” xodimlarining ish haqiga ustamalar belgilash toʻgʻrisidagi buyrugʻi Ijro intizomining yagona idoralararo elektron tizimi platformasida eʼlon qilingan.
Hujjatdan koʻrinadiki, “Oʻzgidromet” rahbari oʻzi va oʻrinbosariga eng kam oylik ish haqining 50 baravari (920 ming soʻm), yaʼni 46 million soʻm miqdorida pul mukofoti tayinlagan.
Hozirda Tabiat resurslari vazirligi tomonidan holat yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlandi va tegishli tartibda oʻrganish ishlari olib borilmoqda.
Rahbarlar oʻziga shuncha katta oylik yoki mukofot yozishi mumkinmi?
Albatta shahar bedarvoza emas. Davlatning, aniqroq aytsak, xalq pulini qayerga va qanday ishlatishlarini nazorat qiluvchi idoralar mavjud. Adliya vazirligi, prokuratura, qolaversa, Iqtisodiyot va moliya vazirligi byudjet pullari noqonuniy sarflanishining oldini olishga mutasaddi tashkilotlardir.
Qolaversa, Adliya vazirligi tomonidan 1995 yil 20 sentabrda 177-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi toʻgʻrisida”gi Nizom bu kabi holatlarga huquqiy baho berish uchun asosiy meʼyoriy-huquqiy hujjat hisoblanadi. Ushbu Nizomning 3.2-bandiga muvofiq, byudjet muassasalari va tashkilotlarining yuqori malakali xodimlariga xizmat vazifalarini tashabbus koʻrsatib va sidqidildan bajarishlarini ragʻbatlantirish maqsadida mehnatda yuqori yutuqlarga erishganlik uchun lavozim maoshi (tarif stavkasi)ning koʻpi bilan 50 foizi miqdorida shaxsiy ustamalar belgilanadi. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga moliyalanadigan davlat boshqaruvi organlarida koʻrsatilgan ustamalar eng yuqori miqdorlar bilan cheklanmaydi.
Demak, oʻzlariga “ogʻzilariga siqqan” miqdorda mukofot puli yozib olayotganlarning bu xatti-harakatlarini ham qonunga muvofiq, deyish qiyin.
Qolaversa, Nizomga muvofiq, koʻrsatilgan ustamalar rahbar xodimlar uchun yuqori tashkilot tomonidan, qolgan xodimlar uchun esa muassasa yoki tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlarida apparat xodimlariga ustamalar mazkur organ rahbari tomonidan belgilanadi. Davlat hokimiyati va davlat boshqaruvi organlari rahbarlarini moddiy ragʻbatlantirish yuqori organning qaroriga binoan amalga oshiriladi.
Yaʼni, biror davlat tashkilotining rahbarini mukofotlash uning oʻziga tegishli vakolat doirasiga kirmaydi. Mazkur rahbarga mukofot yozish faqat undan yuqori turadigan organ rahbarining vazifasi hisoblanadi. Aks holda, bu xuddi “oʻzimning baxtimga oʻzim omon boʻlay, hurmat bilan oʻzim”, deya oʻzini oʻzi tabriklashga oʻxshaydi.
Xalqning pulini oʻz foydasiga talon-taroj qilish oʻz yoʻliga, lekin xalqimizda “oʻgʻri boʻl, insofi bilan boʻl” degan maqol ham bor. Xoʻp, oʻzingga-ku moʻmay pul yozibsan, xodimlaring “suqi” kirishini oʻylamadingmi, deydigan odam yoʻq. Oʻzlariga 50 million soʻm yozsa-yu, xodimlari 2-3 million maosh olsa, hech qaysi insof va vijdon doirasiga sigʻmaydi, albatta.
Taʼkidlash kerakki, bu kabi qonunbuzilishlari bugun paydo boʻlib qolgan muammo emas. Masalan, Adliya vazirligi tizimida bu kabi “keys”lar avval ham koʻrib chiqilgan va tegishli choralar koʻrilgan.
Aytaylik, Adliya vazirligi bergan maʼlumotlarga koʻra, Samarqand viloyati Urgut tuman xalq taʼlimi boʻlimi tomonidan huquqiy ekspertizadan oʻtkazishga taqdim etilgan buyruq loyihasida esa shu yilning 1 fevralida boʻlimning maʼnaviy-axloqiy tarbiya va taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish shoʻʼbasi rahbari Sh.Saitqulovni bir oylik maosh miqdorida moddiy ragʻbatlantirish qayd qilingan. Buyruq loyihasi ushbu nizom talablariga muvofiq boʻlmaganligi sababli, qonunchilik hujjatiga muvofiq emas, deb topilgan.
Yoki Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining 2021 yil 27 apreldagi 210-sonli buyrugʻiga asosan Urgut tuman xalq taʼlimi boʻlimining maʼnaviy-axloqiy tarbiya va taʼlim muassasalari faoliyatini tashkil etish shoʻʼbasi rahbari Sh.Saidqulovga Urgut tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri vazifasini vaqtincha bajarish yuklatilgan. Bu ham bu Nizomning 3.2-bandiga zid ekanini taʼkidlash joiz.
Mazkur voqealarga tegishli huquqiy baho berilib, hamma oʻz qilmishiga yarasha “mukofot”ini olar, balki suvdan quruq ham chiqar. Lekin bu holatlar bu aysbergning uchi, bir tasodif bilan (yoki xodimlarining “suqi” kirgani uchun) oshkor boʻlib qolgan holatlar ekanini nazardan soqit qilmaslik kerak.
Korrupsiya agentligi, bormisiz, omonmisiz?
Aslida bu holatlar davlat organlaridagi korrupsiyaning yaqqol bir isboti. Lekin Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi yoki bu voqealardan bexabar, yoki bilib- bilmaslikka olyapti oʻzini. Chunki bitta holatning oʻzi, deylik OʻzTEST rahbarining qilmishi maxsus nazorat vakolatiga ega agentlik uchun barcha davlat organlarining rahbarlari olayotgan maosh va mukofotlar, ragʻbatlantirishlarni gʻalvirdan oʻtkazishga kifoya qilishi kerak bizningcha. Hali fosh boʻlmagan, pana-pastqamda xalq pulini kemirayotganlari qancha boʻlsa?! Qolaversa, bunday holatlar jiddiy nazoratga olinmasa, ularning ildizi qirqilmasa, kelajakda yana davom etishi va battar tomir otishi turgan gap.