Nyu-Yorkda terrorchilik sodir etgan Sayfullo Soipovga sud hukmi oʻqildi
Qilmishidan pushaymon boʻlmagan va surbet ekstremist, Oʻzbekiston fuqarosi boʻlmish Sayfullo Soipovga 10 ta umrbod qamoq jazosi tayinlandi va qoʻshimcha 260 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

U 2017 yil 31 oktabrda oʻz yuk mashinasini Manxettendagi velosiped yoʻlakchasida ketayotgan odamlar ustiga haydab, 8 kishining oʻlimiga sabab boʻlgan edi. AQSh okrug sudyasi Vernon S. Broderikning aytishicha, u terrorchini “shafqatsiz va qoʻrqoqlarcha” jinoyati shunday jazoga hukm qilgan.
Hukmni eʼlon qilgan sudya bu terrorchilikning oʻta jiddiyligini taʼkidlagan, chunki Sayfullo Soipov bu qilmishini “Islom davlati” terrorchilik guruhi nomidan amalga oshirgan.
Umrbod qamoq jazosi berilganining sababi shundaki, mart oyida boʻlib oʻtgan sudda maslahat kengashi oʻlim jazosiga qarshi chiqqan edi. Lekin prokuratura sudya Broderikdan Soipov uchun 8 karra uzluksiz umrbod qamoq jazosi hamda bir vaqtning oʻzida 2 ta umrbod qamoq jazosi soʻragan.
Ular, shuningdek, boshqa terrorchilarga ham ibrat boʻlishi uchun yana 260 yilga ozodlikdan mahrum etishni qoʻshishni ham soʻragan.
Sudya Broderik, shuningdek, Soipovning oʻz qilmishidan pushaymon emasligini ham qayd etgan. Soipovga sudda soʻz berilganida u jabrlanuvchilar va ularning sud zalida oʻtirgan oila aʼzolarining koʻz yoshlari juda borsa, bitta dastroʻmolga jo boʻlishini, lekin butun dunyoda nohaq oʻldirilgan musulmonlarning koʻz yoshi va qoni sud zalini toʻldirgan boʻlardi, degan.
Oʻzbekiston fuqarosi, muqaddam Nyu-Jersida muqim yashagan 35 yoshli Sayfullo Soipov sodir etgan terrorchilik oqibatida argentinalik 5 nafar sayyoh, ikki amerikalik va bir nafar belgiyalik ayol halok boʻlgan, yana 18 kishi turli darajada jarohat olgan.
Soipov yuk mashinasi bilan yoʻlovchilarni bosib oʻldirganidan keyin mashindan tushib, peyntbol hamda pnevmatik qurolini havoda silkitib, “Allohu akbar” deb baqirganida politsiya tomonidan otib tashlangan ammo tirik qolgan.
Prokurorlarning soʻzlariga qaraganda, Soipov oʻzini soʻroq qilayotganlardan palatasi devoriga “Islom davlati” terrorchilik guruhining bayrogʻini osib qoʻyishni iltimos qilgan.
Sudda Soipovninshg oilasi oʻlim jazosi oʻrniga umrbod qamoq jazosi berishlarini iltimos qilgan. Uning vaqti kelib qilmishlaridan pushaymon boʻlishi va kechirim soʻrashi uchun imkoniyat berishlarini iltimos qilgan.
Sobiq yuk mashinasi haydovchisi Sayfulla Soipov 2010 yilda Oʻzbekistondan AQShga qonuniy yoʻl bilan kelgan boʻlib, Ohayo va Floridada yashagan.
Sayfullo Soipov umrining qolgan qismini Kolorado shtatidagi maksimal darajada qatʼiy rejimdagi ADX Florence federal qamoqxonasida oʻtkazadi. 2013 yil aprelida Boston marafonida portlashlar uyushtirishda ayblanib, oʻlimga hukm qilingan Johar Sarnayev ham shu qamoqxonada saqlanmoqda.




