Andijon shahrida nomaʼlum odamning yongan jasadi topildi
Andijon viloyat prokuraturasi voqea tafsilotlarini ochiqladi.

Tarmoqlarda “Andijon shahrida nomaʼlum odamni yongan jasadi topilganligi” xususidagi xabarlar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 9 may kuni Hindistondan Oʻzbekistonga kelgan fuqaro (1986 yilda tugʻilgan erkak) Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olayotgan 2002 yilda Hindistonda tugʻilgan talaba qizni oldiga kelib, unga turmush qurish istagida kelganligini bildirgan va institut yaqinidagi mehmonxonada yashab kelgan.
Qizdan rad javobini olganidan soʻng uning ruhiyatida oʻzgarish boʻlib, Hindistonlik boshqa talabalarga endi hayotning qizigʻi yoʻqligi, oʻz joniga qasd qilishi haqida aytib kelgan va “Zaxriddin Muhammad Bobur” nomidagi istirohat bogʻi hududiga kiruvchi adirlikda nomaʼlum suyuqliq yordamida oʻzini yoqib, voqea joyida vafot etgan.
Sudga oid tibbiy ekspertizaning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, marhumning tanasi va ichki aʼzolarida biror bir koʻrinishdagi tan jarohatlari aniqlanmagan.
Hozirda sud-tibbiy, sud-kimyoviy va sud-biologik ekspertizalari tayinlangan.
Mazkur holat boʻyicha Jinoyat kodeksining 103-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov oʻtkazish yoʻli bilan qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.