Sudanlik qochqinlar ham ukrainaliklar kabi boshpanaga loyiq
Yevropa ukrainalik qochqinlarni quchoq ochib kutib oldi. Endi u Sudandagi mojarodan qochganlar uchun ham shunday qilishi kerak, deb yozadi “Al-Jazira” kolumnisti.

26 aprel kuni Jamoat palatasida Bosh vazir bilan savol-javoblar chogʻida Shotlandiya milliy partiyasi deputati Stiven Flinn Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunakdan Sudandan qochib ketmoqchi boʻlgan bola Buyuk Britaniyaga qanday xavfsiz va qonuniy yoʻl topishi mumkinligini aytib berishni soʻradi.
Sunak bu savolga javob berish oʻrniga oʻz hukumatining Britaniya diplomatlari va fuqarolarini Sudandan evakuatsiya qilish harakatlari haqida gapira boshladi.
Deputat Flinn yana savolini qaytarganida esa Sunak masaladan battar uzoqlashib ketdi va “Biz soʻnggi besh yil ichida Sudandagi aholini qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan gumanitar yordam uchun deyarli 250 million funt sterling ajratdik”, dedi.
Oʻz hukumatining Sudandagi hatto eng yordamga muhtoj fuqarorlarni ham kutib olishni rad etayotganidan chalgʻitish maqsadida Sunak Buyuk Britaniya "yordamimizga muhtoj boʻlganlarni rahm-shafqat bilan qoʻllab-quvvatlashdan gʻururlanishini" qoʻshimcha qildi.
Keyinchalik, ichki ishlar vaziri Suyella Braverman BBC Breakfast’ga bergan intervyusida Buyuk Britaniya hukumatining Sudandagi ustuvor vazifasi "Britaniya fuqarolari va ularning qaramogʻidagilarga yordam berish" ekanini tasdiqladi.
Nega oʻtgan yili Rossiya bosqinidan qochgan ukrainaliklarga ochilgani kabi sudanlik qochqinlarga ham Buyuk Britaniyaga xavfsiz yoʻlak ochilmayapti, degan savolga Braverman "[Sudandagi] vaziyat Ukrainanikidan juda farq qiladi", deya javob berdi.
Albatta Vladimir Putin ochgan va davom ettirayotgan bosqinchik urushi Ukraina xalqiga aql bovar qilmaydigan azob-uqubatlarni keltirdi.
Minglab odamlar halok boʻldi va millionlab odamlar rus harbiylarining vahshiyona zoʻravonligidan qochishga majbur boʻlishdi. Buyuk Britaniya Putinning zoʻravonligidan qochgan ukrainaliklarni quchoq ochib kutib oldi, "Ukraina uchun uylar", "Oila sxemasi va kengaytirish sxemasi" kabi maxsus dasturlarni yoʻlga qoʻydi. Bu ularga Buyuk Britaniyada uch yilgacha erkin yashash, maktab taʼlimi hamda sogʻliqni saqlash kabi tizimlardan erkin foydalanish va ijtimoiy nafaqa olish huquqini berdi.
Xuddi Ukraina kabi, Sudan xalqi ham hozirda keng tarqalgan zoʻravonlikdan aziyat chekmoqda, bu ayniqsa aholi zich joylashgan shahar markazlarida yaqqol koʻzga tashlanadi.
Sudanda 15 aprel kuni boshlangan janglardan buyon kamida 528 kishi halok boʻldi va 4599 kishi jarohat oldi, ayni paytda milliy sogʻliqni saqlash tizimi butunlay tanazzul yoqasida turibdi.
Poytaxt Xartumda kuchli artilleriya va havo hujumlari davom etamoqda, oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligi kuzatilmoqda.
Xoʻsh, nega Buyuk Britaniya hukumati Sudandagi vaziyatni Ukrainadagidan "farqli" deb oʻylaydi va sudanlik boshpana izlovchilar ukrainalik qismatdoshlariga qaraganda Britaniya boshpanasiga kamroq loyiq deb hisoblaydi?
Yevropaning migratsiyaga boʻlgan munosabatiga biroz eʼtibor qaratgan har bir kishi uchun javob ayon: Sunak hukumati Sudandagi mojarodan qochganlarga yordam berishga majbur emas, chunki Sudan Afrikada, sudanliklar esa afrikalikdir.
Sunak ham oʻzidan oldingi salaflari singari “noqonuniy migratsiya”ga qarshi kurash vaʼdasi bilan bosh vazir boʻldi. U kichik qayiqlarda suvni kechib oʻtish orqali Britaniyaga kelgan muhojirlarni – aksariyatining terisi jigarrang va qora rangda boʻlgan muhojirlarni toʻxtatib qolishni siyosiy ustuvor vazifa qilib qoʻydi. Uning hukumati hatto minglab shundan muhojirlarni Ruandadagi hibsxonalarga qaytarib joʻnatish koʻzda tutilgan noinsoniy, qimmat va shafqatsiz rejani ishlab chiqdi. Sunak shuningdek, butun dunyo boʻylab boshpana izlovchilarning aksariyati uchun Britaniyaga qonuniy kelish yoʻli yoʻqligini va kichik qayiqlarda kelganlarning katta qismi oxir-oqibat boshpana soʻrab, qonuniy yashash huquqini olishi mumkinligini bilgan holda Britaniyaga "noqonuniy" ravishda kichik qayiqda kelgan har bir kishini hibsga olishini daʼvo qildi.
Hukumatning asosan Afrika, Sharqiy Osiyo, Bolqon va Yaqin Sharqdan kichik qayiqlarda suzib kelayotganlarga qarshi davom etayotgan tazyiqlari va ukrainaliklarni doimiy qoʻllab-quvvatlashi buni yaqqol koʻrsatmoqda: baʼzi boshpana izlovchilar Britaniyada boshqalarga qaraganda yaxshiroq munosabat koʻrsatib kutib olinadi.
Shuni esda tutish kerakki, Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan soʻng, mamlakatda yashovchi koʻplab afrikalik aholi Yevropada boshpana topish uchun harakat qilgan. Tushunarsiz sabablarga koʻra, ularning baʼzilari hatto Polsha hududiga immigratsion hibsxonalarda saqlanmoqda.
Biroq, koʻzi koʻk, terisining rangi oq boʻlgan ukrainlar uchun butun Yevropa boshpana berishga bajonidil rozi boʻldi. Yevropadagi hech bir hukumat inqirozning ehtimoliy “migratsiya oqibatlari”dan nolimadi. Hech kim urushdan qochganlar “noqonuniy muhojirlar”ga aylanib, oʻz mamlakatlariga ogʻir yuk boʻlishi mumkin, deb aytishga urinmadi. Asosiy eʼtibor ukrainaliklarning xavfsizlikka muhtojligi va ularga erkin va munosib hayot kechirishlari uchun eng yaxshi imkoniyatni berishga qaratildi.
Xalqaro ommaviy axborot vositalari ham ukrainalik qochqinlarga nisbatan jamiyatning rahmini keltirishga urindi, butun dunyo aholisi ularning ahvolidan doimiy xavotirda boʻlishlarini taʼminladi va hatto oʻz chegaralarida ularga yordam berishda juda sekin yoki samarasiz faoliyat koʻrsatayotgan Yevropa hukumatlarini tanqid ostiga oldi. Hatto Yevropa OAVlaridan birining muxbiri oʻz reportajida “ukrainlarga albatta yordam berish kerak, qarang, ular oʻzimizga judayam oʻxshab ketishadi” deya ochiq diskriminatsiyaga yoʻl qoʻygani ham shunchaki tabassum uygʻotdi xolos. Ayni paytda rivojlangan davlatlardan boshpana topgan ukrainlarning deyarli yarmi vataniga qaytish niyati yoʻqligini, boshpana bergan davlatda bir umr qolib ketishni niyat qilganini ochiq aytayotgani ham hech kimni ajablantirayotgani yoʻq.
Biroq Falastin va Yamandan tortib Afgʻonistongacha, hozir esa Sudangacha boʻlgan boshqa hududlardagi mojarolar va urushlar qurbonlari uchun bunday qilinmadi.
Darhaqiqat, uzoq vaqtdan beri keng qamrovli zoʻravonlik va surunkali iqtisodiy kurashlardan aziyat chekayotgan Sudan xalqi hozir Ukrainadagi vaziyatdan kam boʻlmagan gumanitar inqirozga duch kelmoqda. Biroq, Sudandagi ogʻir vaziyat butun dunyo vijdonini Ukrainadagidek tez yoki kerak boʻlgan darajada bezovta qila olmadi.
Yevropa va undan tashqaridagilar buni tan oladilarmi yoki yoʻqmi, sudanliklar azob chekmoqda va ularning koʻplari oʻz vatanlarini tark etish va boshqa xavfsiz joylarni topish yoʻllarini qidirishmoqda. Koʻpchilik, shubhasiz, Afrikadagi Chad, Misr va Janubiy Sudan kabi qoʻshni mamlakatlarga koʻchib oʻtishsa-da, iqtisodiy imkoniyatlardan tortib oilaviy aloqalargacha boʻlgan sabablarga koʻra aksariyat qochqinlar Yevropa yoki Shimoliy Amerikaga borishga harakat qilishadi.
Baʼzilar Italiyada yangi hayot boshlash uchun jonini xatarga qoʻyib, Oʻrta yer dengizini kechib oʻtishmoqda. Lekin bu yerda ular yordam yoki qochqin maqomini olishlariga kafolat yoʻq. Yevropa qitʼasiga yetib olganlarning baʼzilari keyin Buyuk Britaniyadan boshpana olishni istashlari mumkin. Biroq boshpana soʻrashning xavfsiz va qonuniy yoʻllari yoʻqligi sababli, noqonuniy yoʻl bilan daryo va dengizlarni kichik qayiqlarda kesib oʻtishga majbur boʻlishmoqda. Bu esa kochqinlarga yanada koʻproq azob va oʻlim olib kelmoqda.
Aytish joizki, sudanlik boshpana izlovchilar ukrainaliklar kabi mojaro qurbonlari boʻlmagani uchungina Yevropada boshpana topishdan umidlarini uzmasliklari lozim. Oʻtgan yili Yevropa davlatlari qisqa vaqt ichida millionlab ukrainaliklarni joylashtira oldi. Ular sudanlik boshpana izlovchilarning nisbatan kichik qismi uchun ham xuddi shunday qilish imkoniyatiga ega.
Sunak va uning Yevropadagi hamkasblari zudlik bilan sudanlik mojaro qurbonlari uchun oʻz mamlakatlarida boshpana soʻrashining xavfsiz va qonuniy yoʻllarni yaratishlari kerak. Har qanday muqobil pozitsiya nafaqat adolatsiz va gʻayriinsoniy boʻladi, balki ularning mamlakatlari obroʻsiga ham putur yetkazadi, deb yozgan “Al-Jazira” kolumnisti.