platina.uz
Jahon

Kim Chen In josuslik sunʼiy yoʻldoshini koʻzdan kechirdi

KXDR rahbariyatining aytishicha, mazkur razvedka sunʼiy yoʻldoshi mamlakat harbiy qudratini modernizatsiya qilish va rivojlantirish rejasining asosiy qismi hisoblanadi.

Kim Chen In josuslik sunʼiy yoʻldoshini koʻzdan kechirdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In mamlakatning ilk harbiy josuslik sunʼiy yoʻldoshini koʻzdan kechirib, davlat OAVlari “kelajakdagi harakatlar rejasi” deb atayotgan chora-tadbirlar rejasiga start berdi.

Koreya davlat markaziy axborot agentligi (KCNA) xabariga koʻra, Kim seshanba kuni sunʼiy yoʻldoshni koʻrishdan oldin uni ishlab chiqish bilan shugʻullanuvchi qoʻmita aʼzolari bilan uchrashgan.

Kimning aytishicha, harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshining muvaffaqiyatli uchirilishi "mamlakatda hukm surayotgan xavfsizlik muhitining shoshilinch talabi"dir.

KCNA sunʼiy yoʻldosh qachon fazoga chiqarilishi haqida tafsilotlar bermagan.

Shimoliy Koreya rahbari oʻtgan oyda sunʼiy yoʻldosh qurilishi yakunlangani haqida bayonot bergandi.

Bu bayonot Pxenyan qattiq yoqilgʻida ishlaydigan qitʼalararo ballistik raketani sinovdan oʻtkazganidan bir hafta oʻtgach paydo boʻldi va bu uning taqiqlangan qurollanish dasturlarining muhim yutugʻidir.

Seshanba kuni “qoʻmita ishi bilan batafsil tanishib chiqqandan soʻng, (Kim Chen In) ilk harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshini koʻzdan kechirdi, u yakuniy umumiy komissiya tekshiruvi va kosmik muhit sinovidan oʻtgandan soʻng uchirishga tayyor”, — deya xabar bergan KCNA.

Harbiy razvedka sunʼiy yoʻldoshi Kimning 2021 yilga moʻljallangan rejasida mamlakatning harbiy qudratini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha belgilangan asosiy mudofaa loyihalaridan biri edi.

2022 yil dekabr oyida Shimoliy Koreya josuslik sunʼiy yoʻldoshini yaratish boʻyicha “muhim yakuniy sinov” oʻtkazganini va u joriy yilning aprelida yakunlanishini bildirgan edi.

Lekin ayni paytda Janubiy Koreyadagi ekspertlar bu loyiha natijalariga shubha bildirgan, Shimoliy Koreya tomonidan eʼlon qilingan, goʻyoki sunʼiy yoʻldoshdan olingan oq-qora tasvirlarning sifati yomon ekanini aytishgan.

AQShdagi “38 North” Shimoliy Koreyani monitoring qilish loyihasi shu hafta boshida olingan sunʼiy yoʻldosh tasvirlariga tayanib, Shimoliy Koreyaning “Soxe Gʻarbiy sinov poligoni” hududida deyarli 6 oylik tanaffusdan keyin yana harakatlar qayta boshlanganini qayd etgan.

Biroq, u sunʼiy yoʻldoshni uchirish uchun hali koʻp ishlar amalga oshirish zarurligini aytgan.

Shimoliy Koreya oʻz qurollanish dasturini kengaytirayotgan bir sharoitda, AQSh va Janubiy Koreya zamonaviy “koʻrinmas” samolyotlar va bombardimonchilar ishtirokida qoʻshma harbiy mashgʻulotlar uyushtirgan holda xavfsizlik sohasidagi hamkorliklarini kengaytirishmoqda.

Shimoliy Koreya bu kabi mashgʻulotlarni uni bosib olish maqsadida uyushtirilyapti, deb hisoblaydi va oʻzini himoya qilish uchun qurollanish dasturi zarurligini aytadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid