Qashqadaryoda IIB boshligʻi va prokuror oʻrtasida kelishmovchilik yuzaga keldi
Bosh prokuratura holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ichki ishlar boʻlimi boshligʻi shahar prokurorining noqonuniy talablarini bajarishni rad etganligi haqida video tarqalgandi.
Aniqlanishicha, fuqaro B.Xadiyev tegishli hujjatlarsiz, oʻzboshimchalik bilan Qashqadaryo viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markaziga kirish darvozasi yonida savdo doʻkonini qurib olgan boʻlib, savdo doʻkoni tez tibbiy yordam mashinalarining shifoxona hududiga kirib – chiqishiga toʻsqinlik qilganligi va fuqarolarning eʼtirozlariga sabab boʻlayotganligi uchun B.Xadiyev noqonuniy qurilmani ixtiyoriy buzib olish toʻgʻrisida bir necha marta ogohlantirilganligi va maʼmuriy javobgarlikka tortilganiga qaramasdan, noqonuniy qurilishni bartaraf etish choralarini koʻrmagan.
Mazkur holat Qarshi shahar prokurori tomonidan nazoratga olingan boʻlib, shu yil 13 aprel kuni Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi 4-sonli IIB boshligʻi A.Joʻrayev mutasaddi idoralar bilan birgalikda B.Xadiyevga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish boʻyicha koʻrsatma berish uchun borgan.
Shu vaqtda B.Xadiyevning turmush oʻrtogʻi masʼul xodimlarga faol qarshilik koʻrsatib, ularni xizmat vazifalarini bajarishdan voz kechishiga majburlash maqsadida savdo doʻkonini buzmasligini bildirib, kiyimlariga benzin sepib, oʻzini-oʻzi yoqish bilan qoʻrqitgan, deyiladi Bosh prokuratura maʼlumotida.
Soʻngra, A.Joʻrayev oʻziga yuklatilgan vazifalarni bajarishdan boʻyin tovlab, fuqaroga noqonuniy qurilmani ixtiyoriy bartaraf etish haqidagi dalolatnomani topshirish choralarini koʻrmasdan, soxta obroʻ orttirish maqsadida shahar prokurorining oʻz xizmat vazifalarini lozim darajada bajarishi haqidagi talabiga nisbatan goʻyoki prokuror fuqaro manfaatlariga zid harakat qilayotganligi haqida asossiz vajlar keltirish orqali eʼtiroz bildirgan.
Maʼlumot oʻrnida, B.Xadiyev tomonidan oʻzboshimchalik bilan qurilgan noqonuniy bino ixtiyoriy bartaraf etilmaganligi sababli, Kadastr agentligi Qarshi shahar boʻlimi tomonidan sudga kiritilgan daʼvo arizasi fuqarolik ishlari boʻyicha Qarshi tumanlararo sudining 05.05.2023 yildagi hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilib, javobgarga noqonuniy qurilmani majburiy tartibda buzdirish va yer maydonini foydalanishga yaroqli holatga keltirish majburiyati yuklatilgan.




