Moldova MDHdan chiqib ketmoqchi
Moldova parlamenti spikeri Igor Grosu 15 may kuni unga MDH Parlamentlararo assambleyasi aʼzoligidan chiqish imkonini beruvchi tartibni boshlashini maʼlum qildi.

"Parlament raisi sifatida men Moldovaning Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Parlamentlararo Assambleyasi tarkibidan chiqishi boʻyicha tashabbusimizni eʼlon qilaman", — degan Grosu.
Uning qoʻshimcha qilishicha, u mazkur tashabbusni fuqarolar, hokimiyatdagi partiyaning Harakat va birdamlik (PAS) parlament fraksiyasi, shuningdek, prezident Mayya Sandu bilan muhokama qilgan.
Grosu oʻz tashabbusini bosh vazir Dorin Rechanuga yetkazish va parlament Doimiy byurosining navbatdagi yigʻilishiga qonun loyihasini tayyorlash niyatida ekanligini taʼkidladi.
"MDH asoschisi Rossiya Ukrainaga vahshiyona hujum qilganidan keyin bu tashkilotni endi hamdoʻstlik deb atash mumkin emas. Bu Ukraina tashkilotdan chiqib ketganidan keyin geografik jihatdan ajralib turgan qolgan mamlakatning MDH tarkibidan chiqishi yoʻlidagi birinchi qadam boʻladi", — dedi spiker.
"Biz yovuzlik, urush va qashshoqlik manbasidan ajralib chiqishga tayyormiz. 30 yil davomida biz farovonlik va demokratiya, yaxshi kelajak sari intilayotganimizni isbotladik. MDH sobiq ittifoq respublikalarini nazorat ostida ushlab turish uchun Rossiya tomonidan SSSR xarobalarida tuzilgan tashkilotdir. Biz endi tajovuzkor davlat bilan bir xil muzokara stolida qola olmaymiz", degan Grosu.
Hozircha Moldova MDH aʼzosi hisoblanadi. Lekin joriy yilning aprel oyida Moldova MDH doirasidagi ayrim shartnomalarni denonsatsiya qilishni boshladi.
2022 yil mart oyida Yevropa Ittifoqiga aʼzo boʻlish uchun ariza topshirganidan keyin, Moldova prezidenti Mayya Sandu uning mamlakati Yevropaga aʼzo boʻlish yoʻlida yetarlicha olgʻa siljishga erishgani, mamlakat MDHdan chiqish yoʻlini tanlaganini aytgan.