Fargʻonada ishchini tuproq bosib qoldi
FVV maʼlum qilishicha, bu holat xandaq qazishda xavfsizlik qoidalarining qoʻpol ravishda buzish natijasida sodir boʻlgan.

16 may kuni soat 11:50 da Fargʻona viloyati FVB navbatchilik qismiga Yozyovon tumani «Yuqori Soyboʻyi» mahallasida bir kishining ustiga tuproq koʻchib tushgani haqida xabar kelib tushgan.
Aniqlanishicha, bu holat xandaq qazishda xavfsizlik qoidalarining qoʻpol ravishda buzish natijasida sodir boʻlgan. Voqea joyiga zudlik bilan Fargʻona viloyati FVB qutqaruv otryadlari yetib kelgan.
Koʻchib tushgan tuproq bir necha daqiqalarda olib tashlandi. Qayd etish joizki, qutqaruvchilarga voqeaga guvoh boʻlgan shaxslar ham yordam koʻrsatishgan.
Maʼlum boʻlishicha, jabrlanuvchi subpudratchi tashkilot xodimi boʻlib, xandaq qazish vaqtida xavfsizlik qoidalarini qoʻpol ravishda buzgan. U tan jarohatlari olgan boʻlsada, shifokorlarning fikriga koʻra, uning hayotiga hech narsa tahdid solmayapti.