platina.uz
Jahon

Falastinliklar Rossiya va Xitoy vositachi boʻlishini istaydi

Falastin muxtoriyati rahbari Mahmud Abbos qon toʻkilishini toʻxtatish uchun Isroil bilan muzokaralar boshlashga tayyor. Maʼlumki, besh kun davomida oʻzaro raketa zarbalari almashilgani natijasida falastinliklar orasida qurbonlar koʻp boʻldi. Nihoyat Misr vositachiligida muzokaralar oʻtkazilib, otashkesim eʼlon qilindi. Biroq Mahmud Abbos faqat shu bilan cheklanib qolmoqchi emas. 

Falastinliklar Rossiya va Xitoy vositachi boʻlishini istaydi

U ikki xalq oʻrtasida doimiy tinchlik oʻrnatish tarafdori. Biroq falastinliklar Isroil bilan muzokaralarda vositachi rolini AQSh emas, balki Rossiya yoki Xitoy oʻynashini maʼqul koʻradi. i24 nashri xabar berishicha, yaqindan oʻtkazilgan ijtimoiy soʻrovlarning natijalari shundan darak bermoqda.

Soʻrovda qatnashgan falastinliklarning kamida 80 foizi muzokaralarda Xitoy vositachi boʻlishini istaydi. Ular Pekin xuddi Saudiya Arabistoni va Eron oʻrtasidagi munosabatlarni yaxshilagani kabi, Falastinga ham foyda berishidan umid qilishadi

Soʻralganlarning 60 foizi esa amerikalik vositachilarni noxolis deb hisoblab, ularga umuman ishonmasligini aytgan.

Maʼlumot uchun, ultramillatchilik gʻoyalariga moyil Binyamin Netanyaxuning Isroil hukumati tepasiga kelgani Falastin-Isroil mojarosini yanada keskinlashtirdi. Isroil hukumatining Falastinga tegishli yerlarda yahudiy koʻchkindilar uchun noqonuniy turar-joylar qurish hajmini oshirgani, falastinliklar yashovchi hududlarda politsiya tekshiruvlarining keskinlashgani, “Islomiy jihod” tashkiloti rahbarlarining qamoqqa olingani va oʻldirilgani hamda Aqso masjidi atrofida provokatsiyalar ortishi falastinliklarning noroziligiga sabab boʻldi.

“Islomiy jihod” jangarilari esa oʻz rahbarlarining oʻlimi uchun qasos olish maqsadida Isroil tomonga yuzlab raketa uchirishdi. Isroil ham bu zarbalarga raketa yogʻdirish bilan javob qildi. Natijada 33 nafar falastinlik halok boʻldi. Isroil tomonida qurbonlar boʻlmadi. Bu holatga Misr vositachaligida barham berilgan boʻlsada, falastinliklar mintaqada tinchlik oʻrnatish faqat Moskva va Pekinning qoʻlidan keladi, deb ishonishadi.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid