Toshkentda 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralarni ishlab chiqarib sotayotgan fuqaro ushlandi
Mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXXning Chilonzor tumani boʻlimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Uchtepa tumanida yashovchi A.S. 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralarni tayyorlab, har birini 60 ming soʻmdan sotib kelayotganligi aniqlangan.
Shuningdek, undan 10 dona 200 ming soʻmlik qalbaki kupyuralar, jami 31 dona A4 formatdagi qogʻozda chop etilgan 200 ming soʻmlik kupyuralar, rangli printer va boshqa ishlab chiqarishda foydalanilgan tovar moddiy boyliklar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 176-moddasi (qalbaki pul, aksiz markasi yoki qimmatli qogʻozlar yasash, ularni oʻtkazish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.