Qoraqalpogʻistonda oʻquvchilarga berilgan bepul yegulikdan dori chiqishi ortidan jinoyat ishi ochildi
Mazkur holat boʻyicha tuhmat va raqobatchini obroʻsizlantirish ayblovi qoʻyilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarida keytering usulida yetkazib berilgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan tabletka koʻrinishida dori vositalari chiqqani haqida tarqalgan maʼlumotlar ortidan tuhmat va raqobatchini obroʻsizlantirish moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Bu haqda Qoraqalpogʻiston prokuraturasi xabar berdi.
Qoraqalpogʻiston prokuraturasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshirish harakatlari davomida aniqlanishicha, bir guruh shaxslar keytering usulida oziq-ovqat taʼminotini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga nisbatan tuhmat uyushtirish orqali ularni obroʻsizlantirish maqsadida, 3 ta holatda ichiga dori vositalari joylashtirilgan bulka va pryanik mahsuloti, goʻyoki Ellikqalʼa va Beruniy tumanlaridagi taʼminotchilar tomonidan tarqatilgani haqidagi iddaolar bilan "Antikorrupsiya" telegram kanaliga asossiz va noxolis maʼlumotlar joylashtirilishiga erishib, tadbirkorlik subʼektlarining ishbilarmonlik nufuziga putur yetkazgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 139-moddasi 3-qismi “g” bandi (Tuhmat) va 192-moddasi (Raqobatchini obroʻsizlantirish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Jinoyat ishi tergovi yakuniga koʻra, aybdor shaxslarning javobgarlik masalasi hal etiladi.




