Oʻzbekistonda OTMlarga kirish imtihonlari yopiq binolarda oʻtkaziladigan boʻldi
Vazirlikning maʼlum qilishicha, 2023/24 oʻquv yili uchun imtihonlar oʻtkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlangan.

Oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun test sinovlari yana yopiq pavilonlarda oʻtkazilishi kutilmoqda.
Vazirlikning maʼlum qilishicha, 2023/24 oʻquv yili uchun imtihonlar oʻtkaziladigan 92 ta yopiq inshoot tanlangan, reja chizmalari tayyorlanib, mahalliy hokimlik va idoralar bilan kelishilgan holda tasdiqlangan.
Test sinovlari oxirgi marta 3 yil oldin yopiq pavilonlarda oʻtkazilgan, shundan keyin, pandemiya tufayli ochiq maydonlarda imtihonlarni tashkil etish boshlangan edi.
Shuningdek, test sinovlari oʻtkaziladigan 15 ta umumtaʼlim fanidan 26 520 ta va qardosh (qozoq, qirgʻiz, tojik, turkman) tillardan 2 400 ta test topshirigʻi shakllantirildi va ekspertizadan oʻtkazildi. Keng jamoatchilik orasidan test sinovlarida guruh nazoratchiligiga nomzod sifatida roʻyxatdan oʻtgan 8 956 nafar talabgordan 4 000 nafarga yaqini saralab olindi va ular bilan shartnomalar rasmiylashtirilmoqda.