Madaniyat va turizm vazirligi taklif qilgan loyiha qaysi shovvozga xizmat qiladi?
Jorj Oruelning “1984” asaridagi ahmoqona, ammo qoʻrqinchli gʻoyalar Oʻzbekistonda ham tatbiq etilishi mumkin. Oʻzbekiston Madaniyat va turizm vazirligi har bir ishxonada odamlarga majburan musiqa va askiya eshittirishni qonun bilan belgilab qoʻymoqchi.

“1984” asarida tasvirlangan totalitor tuzum sharoitida har bir odamning uyiga teleekran (telescreen) qoʻyib qoʻyiladi. Bu ekranni oʻchirib qoʻyish taqiqlanadi, faqat ovozini biroz pastlatib qoʻyish mumkin. Kim oʻchirib qoʻysa jazoga tortiladi. Ekrandan esa muntazam ravishda xalq ongini “yuvadigan “, hukumatga mute qilib tarbiyalashga xizmat qiluvchi dasturlar berib turiladi.
Sovet davrida, hali amerikaliklar kompyuter va internetni ixtiro qilishmagan paytda ham shunday radiouzellar boʻlardi. Har bir xonadonga sim bilan tushirilgan, sovet pulida 5 rubl turadigan bunday radio qabul qilgichlardan faqat bitta radiokanalni eshitsa boʻlardi. Ora-sira bu simga kolxoz radiouzeli ham ulanib, paxta rejasini bajaramayotgan yoki mol-qoʻylari paxtazorga kirib payhon qilgan odamlarni soʻkib turishardi.
40-70-yillarda – hali sovet xalqining radio sotib olishga qurbi yetmagan paytlarda esa qishloqlarning guzarlarida doimiy varanglab turadigan radiokarnaylar boʻlardi. Ulardan ham doim bitta radiokanal eshittirilar edi. Tarixiy badiiy filmlarda odamlar shu karnay tagida toʻplanib, Sovetinformbyurosining urush maydonlaridan harbiy svodkalarini eshitib turishganini koʻrsangiz boʻladi.
Bularning barchasi albatta oʻsha davrda totalitar tuzumning manfaatiga xizmat qilgan. Propaganda bilan xalq ongini zaharlash ustuvor vazifa boʻlgan.
Biroq hozir, 2023 yilda, internet va kompyuter zamonida, sunʼiy intellekt, neyrotizimlar, GPT Shat kabi moʻʼjizalar odam aqlini shoshirayotgan bir paytda, Madaniyat va turizm vazirligi mana shu daqqiyunusdan qolgan usulni yana Oʻzbekistonda tiriltirishni targʻib etmoqchi. Bunga jurʼat etish uchun odamning onggi qay darajada qoloq boʻlishi kerak? Yoki demokratik va ilgʻor jamiyat tuzishga intilayotgan paytimizda, Madaniyat vazirligida yangi texnologiyalarni tatbiq etish oʻrniga, eski va kulgili uslubni tiriltirishdan boshqasiga yaramaydigan mutaxassislar koʻpayib ketdimi?
Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Qarori sifatida 2023 yil 11 may kuni kuni “Ishlab chiqarish korxonalari xodimlarining ish vaqti va dam olish kunlarini mazmunli oʻtkazish hamda madaniy saviyasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi loyiha xalq muhokamasiga qoʻyilgan.
Loyihaga koʻra, “Respublikada mavjud barcha ishlab chiqarish korxonalariga ish kuni boshlanishi va tugashi paytida milliy kuy va qoʻshiqlar, shu jumladan, maqomning eshitilib turishi amaliyotini yoʻlga qoʻyiladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari ishlab chiqarish korxonalarida ish kuni boshlanishi va tugashi paytida milliy kuy va qoʻshiqlar, shu jumladan, maqomning eshitilib turishini yoʻlga qoʻyish, zarur boʻlganda, korxonada milliy qadriyatlarni tarannum etuvchi kuy va qoʻshiqlar eshittirib borilishi uchun radiouzel tashkil qilish boʻyicha ishlab chiqarish korxonalari muassislari bilan hamkorlikda ishlarni olib borish yuklatiladi”.
Eng qizigʻi, har oyning yigirmanchi sanasiga qadar ishlab chiqarish korxonalariga ular joylashgan hududda kelgusi oyda tashkil etiladigan ommaviy-madaniy va konsert-tomosha tadbirlari haqida maʼlumot berib borilishi koʻzda tutilgan!
Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: nega?
Ortiqcha byurokratiya va hisobot berishdan qutulish oʻrniga yana bir vazirlikka hisobot berish qaysi ishlab chiqarish korxonasiga kerak?
Shuni aytish kerakki, avvalo, demokratik jamiyatda kimning qanday kuy-qoʻshiq eshitishi har kimning oʻz shaxsiy ishi. Mana buni eshit, deb faqat qamoqxonada majburlash mumkin. Lekin hatto shu ham inson huquqlariga zid.
Ikkinchidan, odamga 24 soat askiya va shashmaqomni eshittirsangiz ham oʻzgarib, yaxshilanib, maʼnaviyati oshib qolmaydi.
Maʼnaviyat va ezgulik qalbga solinishi kerak, quloqdan varaqlatib quyishning foydasi yoʻq.