3 tumanda kredit mablagʻlarini oʻzlashtirgan MChJ rahbarlari aniqlandi
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qoʻrgʻontepa tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “T.F.” MChJ rahbari A.S. tikuv dastgohlari va xom-ashyolar sotib olish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 1,5 mlrd soʻm imtiyozli kreditni oʻzining norasmiy boshqaruvidagi boshqa MChJga oʻtkazishga erishib, ushbu malbagʻlarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib, talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Urgut tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, “G.P.” MChJ rahbari G.T. plastik quvurlar ishlab chiqarish uchun uskunalar xarid qilish maqsadida hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 74 500 AQSh dollari, 750 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻini boshqa maqsadlarda sarflab, oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Xatirchi tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, "Y.S.", " A.B." MChJ rahbarlari va boshqalar 15 nafar fuqaroga ajratilgan jami 442,8 mln soʻm imtiyozli kredit mablagʻlarini bank muassasasiga soxta hujjatlarni topshirish orqali oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.