platina.uz
Jahon

Raketa otishdan kimga foyda?

"Seshanba kunidan beri Gʻazo sektoriga raketa otilishi natijasida qurbonlar soni 31 nafarga yetdi, deb xabar bergan Falastin Sogʻliqni saqlash vazirligi.

Raketa otishdan kimga foyda?

Vazirlikning qayd etishicha, halok boʻlganlar orasida olti nafar bola va uch ayol ham bor. 93 falastinlik, jumladan 32 bola va 17 ayol yaralangan.

Isroil harbiy-havo kuchlari 9 may, seshanba kunidan beri Gʻazo sektoriga havo hujumlarini toʻxtatgani yoʻq.

Bundan tashqari, juma kuni ertalab yana bir havo hujumi natijasida turar-joy binosi butunlay vayron boʻlgan.

Falastindagi jangari guruhlar ham oʻz navbatida Isroil hududiga raketa hujumlari bilan javob bermoqda.

Natija esa har doimgidek boʻladi. Falastinni ozod qilish boʻyicha biror natijaga erishilmaydi. Falastinliklar otgan qoʻlbola raketalarning 95 foizi Isroilning "Temir gumbaz" - havodan himoya tizimi vositasida ushlab qolinadi. Hech bir isroillik jabr koʻrmaydi, qurbonlar deyarli boʻlmaydi, binolarga zarar yetmaydi - hatto birorta hojatxona ham qulamaydi. Lekin falastinliklar orasida qurbonlar koʻpayadi, oʻnlab binolar vayron boʻladi, Isroil harbiylari esa raketa otgan jangarilarni ushlash va raketa otilgan joylarni aniqlab, yoʻq qilish bahonasida bemalol falastin mahallalari ichiga kirib, navbatdagi tintuvlar va qamoqqa olishlar uchun zoʻr bahonaga ega boʻlishadi. Xalqaro hamjamiyat ham isroilliklar tarafida boʻladi. "Falastinlik terrorchilar dastidan azob chekayotgan bechora isroilliklar" deya telelavhalar tayyorlashadi.

Xoʻsh, bu raketa hujumlaridan kimga foyda-yu, kimga ziyon ekan? Aqli raso odam bu raketa hujumlari aynan falastinliklarga zarar berishni istayotgan yovuz kuchlar tomonidan tashkillashtirmoqda, degan oʻyga borishi tabiiy.

Avvalo aniqlashtirib oladigan boʻlsak, doimiy qamal ostida yashaydigan falastinliklart qoʻliga raketalar qayerdan kelib qolyapti? Toʻgʻri, ularning aksariyati qoʻlda yasalgan boʻlib, daladagi chumchuqlarni qoʻrqitishga yaraydi xolos. Lekin ular orasida rostmana jangovar raketalar ham mavjud. Bularni esa falatinlik jangarilarga Eron yetkazib bermoqda.

Umuman, Eron qurol-yarogʻ ishlab chiqarish va tarqatishda peshqadamlik qilmoqda. Yamanda xusiylar bilan toʻpolonlar tinchib, otashkesim eʼlon qilinib, sulh tuzilganiga qaramasdan, xusiylarga raketa va dronlar yetkazib berishda davom etmoqda. Ukrainadagi tinch aholini qirgʻin qilish uchun Rossiyaga kamikadze dronlar va raketalar joʻnatmoqda.

Livan, Suriya va Iroqdagi shialarni, jumladan yarim asrlik doimiy "farzandi" - "Hizbulloh"ni ham qurollantirishga vaqt topa olyapti.

Ayni soatlarda esa "Islomiy jihod" harakatining qurolli qanoti boʻlmish "Al-Quds brigadalari" Isroil shaharlariga raketa hujumlarini qayta boshlaganini eʼlon qildi.

Gʻazo sektoridan Isroil shahar va qishloqlariga raketa hujumlari davom etmoqda. Isroilning Ashkelon va Ashdod shaharlarida, shuningdek, Gʻazo sektori atrofidagi aholi punktlarida sirenalar yangradi. Isroil harbiy samolyotlari ham Falastin hududlariga reydlarini davom ettirmoqda.

Yana oʻsha savol: kimga foyda?..

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid