Polsha senati: "Ukraina ham NATOga tezroq aʼzo boʻlishi kerak"
Polsha Senati Shvetsiya va Finlyandiya kabi Ukrainaning ham NATOga kirishini tezlashtirishga chaqirdi va iyul oyida Vilnyusda boʻlib oʻtadigan alyans sammitini bu yoʻldagi muhim voqea boʻlishi kerak, deb hisoblaydi. "Polskiye radio" shu haqda xabar bergan.

Polsha Senati tegishli rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. "Bir yillik dahshatli urushdan soʻng angladikki, Ukraina Rossiyaga qarshilik koʻrsatish orqali Yevropani himoya qilmoqda va qitʼani Sharq agressiyasidan himoya qiluvchi asosiy boʻgʻin boʻlib qolmoqda", — deyiladi ushbu rezolyutsiyada.
Rezolyutsiya matnida aytilishicha, "Ukraina bugungi kunda qitʼada favqulodda jangovar tajribaga ega eng kuchli armiyaga ega. Ukraina armiyasi NATO qurol-yarogʻlari bilan jadal qayta jihozlanmoqda va Gʻarb ittifoqchilari oʻnlab yillar davomida ishlab chiqqan operativ sanʼat va taktikadan foydalanmoqda".
"Himoyachilar NATO davlatlari bilan yaqinroq siyosiy va harbiy hamkorlik orqali haqiqiy yordamga muhtoj", — deyiladi Polsha senatining rezolyutsiyasida.