platina.uz
Jamiyat

DXX qator mansabdor shaxslarni ashyoviy dalillar bilan qoʻlga oldi

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

DXX qator mansabdor shaxslarni ashyoviy dalillar bilan qoʻlga oldi

Namangan viloyati tumanlaridan birining fermerlar kengashi raisi tadbirkorlik bilan shugʻullanmoqchi boʻlgan fuqaroga tumandagi mashina traktor parkining 30 sotix yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mazkur mansabdor shaxs soʻralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining arxitektura va qurilish boʻlimi boshligʻi tanlov savdolarini oʻtkazish boʻyicha viloyat komissiyasi bayonnomasiga asosan tanlov gʻolibi deb topilgan xususiy korxonaga savdo doʻkoni qurishi uchun ajratilgan 56 kv.m yer maydonida tegishli ishlarni amalga oshirishda zarur boʻladigan hujjatlarni tayyorlashda yordam berish evaziga korxona rahbaridan 3 ming AQSh dollari talab qiladi.

DXX tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u soʻralgan puldan 2 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida kuzatilgan holatda Oʻrtachirchiq tumanidagi fermer xoʻjalik rahbari mazkur xoʻjalikning 80 sotix sugʻoriladigan yer maydonini hokimiyat va kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 320 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 20 ming AQSh dollari olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boshqarmalari xodimlari tomonidan ushlandi.

Surxondaryo viloyatining Jarqoʻrgʻon tumanida yashovchi, 1971 y.t. fuqaro ham oʻzganing ishonchiga kirib, “Amuzang” irrigatsiya tizimlari boshqarmasi balansida boʻlgan 70 sotix yer maydonini mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 100 mln. soʻm talab qilib, 6 ming AQSh dollari va 32 mln. soʻm olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati hamda ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ushlandi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid