Saylov yaqin, ehtimoliy gʻolib hamon noaniq
Ijtimoiy tarmoqlarda bir ajoyib post aylanib yuribdi: “Kim prezident boʻlishi toki saylovlar oʻtmagancha rostan ham jumboq boʻlib qolsa, demak bu demokratik jamiyat ekan”.

Turkiyadagi prezident saylovlari haqida ham soʻnggi daqiqalarigacha aniq bir gap aytish qiyin boʻlmoqda. Turli xil ekspertlar turlicha siyosiy prognoz bermoqda, oʻz argumentlarini isbotlash uchun turli dalillar keltirmoqda. Biroq, ularning hech biriga toʻla ishonib boʻlmaydi. Garchi Erdoʻgʻonning tarafdorlari koʻpdek koʻrinsa ham, musulmonlarning huquqlarini tiklagani uchun uni yaxshi koʻrishsa ham, unda soʻnggi paytlarda bemorlik alomatlari koʻrinayotgani, inson huquqlari, inflyatsiya va turk lirasi qadrining tushib ketayotgani kabi omillar, qolaversa, deyarli chorak asr hokimiyat tepasida oʻtirib, ayrim qatlamlarning “joniga tekkani” inobatga olinsa, Erdoʻgʻonning “taxti qimirlab” qolgandek koʻrinadi.
Ikkinchi kuchli nomzod - Kamol Qilichdoroʻgʻli bu jihatdan Turkiyaning amaldagi prezidentiga teng kelmasa ham, uning musulmonlar huquqlarini toptamaslik, iqtisodiyotni yaxshilash borasida qop-qop vaʼdalar berayotganiga qaralsa, “tarozining pallasi” uning foydasiga “ogʻayotgandek” koʻrinadi.
Biroq Qilichdoroʻgʻli partiyasi Otaturk boshlagan yoʻlga sodiqligi ham maʼlum. Demakki, u hokimiyat tepasiga kelsa, har doim boʻlganidek, iqtisodiy ahvol yomonlashadi, repressiyalar boshlanadi, musulmon qatlamning huquqlari kamsitiladi. Qolaversa, u, agar iqtidorga kelsa, Yevropa yoʻlidan borishini, Yevropacha qadriyatlarni ustuvor deb bilishini, demakki LGBT huquqlarini kengaytirishini ham ochiqdan-ochiq eʼlon qilmoqda. Bu jihatdan olsak, Qilichdoroʻgʻlida ham imkoniyat kamroq.
Ayni paytda esa Turkiya prezidentligiga nomzodlar oʻrtasidagi siyosiy kurash va dahanaki janglar avjiga chiqqan. Kecha Turkiya prezidenti Rajab Tayyib Erdoʻgʻon saylovdagi raqibi Kamol Qilichdoroʻgʻlini “Rossiya aralashuvi” haqidagi bayonoti uchun uyalishga chaqirdi.
"Kamol endi Rossiyani saylovlarga aralashuvda ayblamoqda. Uyalgin! Agar men ham bu saylovlarga AQSh, Germaniya, Angliya, Fransiya aralashmoqda desam, nima deb javob berasan? Men bu odamlarni juda yaxshi taniyman. Ular bilan 20 yil davomida uchrashib, muloqot qilib kelaman. Sen ular bilan necha marta uchrashgansan?”, degan Turkiya prezidenti Istanbulda oʻz tarafdorlari bilan oʻtkazilgan tadbirda.
Gap shundaki, oʻtgan kuni prezidentlikka nomzod - Turkiyaning JXP partiyasi bosh kotibi va mamlakat prezidentligiga nomzod Kamol Qilichdoroʻgʻli Rossiyani Turkiyadagi saylovlarda aralashishda ayblagan edi.
Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov, bu bayonotga munosabat bildirib, Moskva boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmasligini bildirdi va bunday maʼlumot tarqatuvchilarni “yolgʻonchilar” deb atadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq amaldagi Turkiya prezidenti Erdoʻgʻon muxolifatchilar terroristlar bilan til biriktirishdan ham tortinmayotganini, Yevropadagi ayrim davlatlar oʻzining prezidentlikdan ketkazib, uning asosiy raqibi Jumhuriyat Xalq partiyasi (JXP) raisi Kamol Qilichdoroʻgʻlining hokimiyat tepasiga kelishi uchun ochiqchasiga harakat qilayotganini taʼkidlagan edi. Shuningdek, Erdoʻgʻon muxolifat partiyalarining LGBT tarafdori ekani, oʻzi hokimiyatda ekan, bunday tuban ishlarga aslo izn bermasligini maʼlum qilgan edi.




