Amerika orzusi va 42-boʻlim bekor qilinishi oqibatlari
Oʻtayotgan haftada AQSh chegarasidagi oʻtish punktlarida Covid-19 munosabati bilan oʻrnatilgan cheklovlar bekor qilindi. Kecha boshpana olish borasidagi buyruqning 42-boʻlimi bekor qilindi. Bu tartib sogʻligi “jamoat salomatligiga xavf tugʻdirish mumkin” boʻlgan migrantlarni ortiqcha byurokratik tashvishlarsiz tez deportatsiya qilishni nazarda tutar edi. Shunga qaramasdan, migrantlarni saqlash maxsus joylarida oʻrinlar toʻlib-toshgan. Biroq chegardan oʻtishlar miqdori kutilganidan koʻra kamroq hajmda qolmoqda.

Prezident Bayden maʼmuriyatining butun dunyoda migrantlar oqimi ortishining oqibatlariga qarshi kurash boʻyicha harakatlari kecha AQSh va Meksika chegarasida dastlabki yangi sinovlarga duch keldi.
Avvalroq 42-boʻlimning bekor qilinishi chegarada xaosni kuchaytirishi kutilgan edi. Chunki boshpana soʻrash umidida chegaradan oʻtib olishni maqsad qilgan migrantlar oqimi ortib ketishi prognoz qilingan edi.
Garchi avvalgidan ham koʻproq migrant oʻtgani natijasida, chegara hududlaridagi migrantlar bilan ishlovchi tashkilotlarga ish koʻpaygan boʻlsada, cheklovlar bekor qilinganidan keyingi dastlabki soatlarda chegarada u qadar tartibsizliklar kuzatilmadi.
Hukumat amaldorlari, yangi siyosatga mavofiq, “tegishli uchrashuv belgilamasdan yoki mavjud qonuniy yoʻllardan foydalanmasdan kirib kelgan har qanday migrant siyosiy boshpana olishga haqli emas”, deya bayonot berishdi. Ichki xavfsizlik vaziri Alexandro Mayorkas esa “Chegaralar ochiq emas”, deya yanada keskinroq bayonot berdi.
Shunga qaramasdan, chegara patrullarining izolyatorlarida minglab migrantlar hamon oʻz taqdirlari qanday hal qilishini kutib oʻtirishibdi. Ularni yaqin kunlarda qoʻyib yuborishlari mumkin. Bu esa chegara oldi hududlarida, xususan, El-Paso shahrida noaniq huquqiy vaziyatni vujudga keltiradi. El-Paso meri jurnalistlarga “Bu hali boshlanishi ekanini bilamiz”, deya intervyu berdi.
Federal amaldorlar bir immigratsion siyosatdan boshqa yangi siyosatga oʻtish qiyin boʻlishi haqida avvaldan ogohlantirishgan edi.
Maʼlumotlarga koʻra, oʻtgan haftada ayrim kunlari janubiy chegaralarni 11000 kishi noqonuniy kesib oʻtgan va chegara xizmatining izolyatorlarida oʻrinlar toʻlib qolishiga olib kelgan. Oxirgi 2 yilda chegarani kuniga 5000-7000 odam noqonuniy kesib oʻtgan. Rasmiylar kuniga 8000 va undan koʻp odam kesib oʻtishini “haddan ziyod” oqim deb hisoblashadi.
Bayden maʼmuriyati esa tegishli buyruq bekor qilinganidan soʻng chegarani kuniga 14000 gacha odam kesib oʻtishini kutishayotganini maʼlum qilgan.
Payshanba kuni Floridadagi federal sudya AQSh chegara xizmatiga migrantlarni ularga immigratsion sudga kelish haqidagi rasmiy bildirishnomani topshirmasdan qoʻyib yubormaslik haqida buyruq bergan. AQShdagi immigratsiya tarafdorlari esa Bayden maʼmuriyatining yangi qonunlarini bekor qilish maqsadida sudga daʼvo kiritishgan. Bunday huquqiy tortishuvlar hali koʻp davom etadiganga oʻxshaydi.
Shu bilan birga, Bayden maʼmuriyati migrantlar uchun “CBP One” mobil ilovasini targʻib qilmoqda. Bu ilova yordamida migrantlar avvaldan uchrashuv belgilashlari va shunga muvofiq chegaraga kelib, qonuniy boshpana soʻrashlari mumkin boʻladi. Biroq ilova kuniga faqat 1000 ta uchrashuv belgilay oladi. Masalan, oʻtgan kuni 24 may uchun ochilgan 1000 ta oʻringa 62000 dan ziyod migrant ariza joʻnatgan.
Migrantlar oqiminnig ortishi AQSh chegaralaridan uzoq shaharlarga ham bosim koʻrsatmoqda. Masalan, Texasning 3 ta shahri - Braunsvill, Laredo i El-Paso 42-boʻlim bekor qilinishidan avvalroq favqulodda holat eʼlon qilishgan. Shuningdek, koʻplab migrantlar avtobuslarda Nyu-York, Boston, Chikago shaharlariga joʻnatilgan. Hatto chegaradan ancha uzoqda joylashgan Men shtatining Portlend shahri maʼmuriyati ham migrantlar uchun vaqtincha boshpanalarda joy qolmagani haqida maʼlum qilgan.