platina.uz
Jamiyat

2005 yil, 13 may: Oʻzbekiston tarixidagi eng qonli voqeaga 18 yil boʻldi

2005 yil, 13 may. Andijon shahrida mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng qonli voqealar roʻy berganiga 18 yil boʻldi. Rasmiy maʼlumotlarda, oʻsha kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar vakili oʻldirilgani aytiladi.

2005 yil, 13 may: Oʻzbekiston tarixidagi eng qonli voqeaga 18 yil boʻldi

2005 yilning aprel-may oylarida jinoyat ishlari boʻyicha Andijon viloyati sudida “Akromiylar” oqimiga aʼzo deb topilgan 23 nafar shaxs ustidan sud jarayoni davom etayotgan bir paytda yaqinlarining taqdiridan xavotirdagi yuzlab andijonliklar kunini sud binosi qarshisida oʻtkazar edi.

Oʻzbekiston televideniyesi tomonidan eʼlon qilingan maxsus koʻrsatuvda voqealar xronologiyasi quyidagicha keltiriladi:

“Terrorchilar dastlab 12 may soat 23:45 da Andijon shahridagi soqchi-patrul xizmatiga hujum qilishadi. Soqchilik qilayotgan 4 nafar militsiya xodimini oʻldirib, qurol-yarogʻ omborini buzishadi va oʻnlab avtomatlar, toʻpponcha, granata va boshqa qurollarni qoʻlga kiritishadi. Oradan bir soat oʻtgach, qurollarini koʻpaytirib, saflarini kengaytirib olgan jinoyatchilar toʻdasi Respublika Mudofaa vazirligiga qarashli 34-harbiy qism hududida paydo boʻladi. Bu yerda ham jinoyatchilar tomonidan 4-5 soqchi oʻldirilib, koʻplab qurol-yarogʻlar oʻgʻirlanadi.

Shundan soʻng jinoiy toʻda tezkorlik bilan ZIL-130 va bir qator yengil avtomobillarda Andijon shahri yaqinida joylashgan qamoqxona tomon yoʻl oladilar. Qamoqxona eshigini ZIL mashinasi yordamida buzib, ichkariga kirishadi. 600 ga yaqin mahbuslarni, shu jumladan, 23 nafar “Akromiylar” hamda shu turmada saqlanayotgan oʻta xavfli retsidivistlarni chiqarib yuborishadi”, deyiladi koʻrsatuvda.

Maʼlum qilinishicha, oʻsha paytda ichki ishlar vaziri hisoblangan Zokirjon Almatov birinchi prezident Islom Karimovga qoʻgʻiroq qilib, roʻy bergan hodisalar hamda vaziyat haqida axborot beradi. Islom Karimov oʻtirgan samolyot 13 may kuni soat 7:30 da Andijonga kelib qoʻnadi. Mamlakat rahbari zudlik bilan shtab tashkil etadi.

Zokirjon Almatov bergan intervyularidan birida mustaqil Oʻzbekiston tarixidagi eng qonli fojia boʻlib qolgan Andijon voqealarini quyidagicha xotirlaydi:

“Meni Andijon voqealarida aybdor deb koʻp gapirishadi. Ha, men oʻshanda shtab boshligʻi boʻlganman, qarorni men qabul qilganman, ammo kim oʻshanda Andijonga qurol koʻtarib keldi? Kim chegaradan qurol bilan oʻtdi? Kim Ichki ishlar vazirligiga qarashli PPSga qurolli hujum qildi, kim harbiy qismga hujum qilib, qurol-yarogʻ oldi?

Kim tergov hibsxonasiga hujum qilib, 500 dan ortiq ashaddiy jinoyatchilarni chiqarib yubordi? Kim hokimiyat binosini egallab, unga oʻt qoʻydi? Kim yuzga yaqin sud-huquq tizimidagi xodimlarni tutqunda ushlab, baʼzilarini qatl etdi? Hukumat nima, qarab turishi kerakmidi?

Biz ularga chiqib ketinglar, dedik. Adashmasam, militsiya va prokuratura xodimlaridan 34 nafari halok boʻlgandi. Tez yordam xodimlari otib tashlangan”, degan sobiq vazir.

Isyonchilar birin-ketin viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Milliy xavfsizlik xizmatining viloyat boshqarmasi va viloyat hokimligi binosiga hujum qilishadi. Bu uch obʼektdan faqatgina viloyat hokimligi binosi ishgʻol qilinadi. Rasmiylar isyonchilar bilan muzokara olib borishga harakat qilingani, biroq muzokaralardan hech qanday natija boʻlmaganini aytishadi. Tushdan soʻng esa qurollangan isyonchilar va harbiylar oʻrtasida otishma yuzaga keladi.

Rasmiy hisobotlarda yozilishicha,

“terrorchilik harakati natijasida 187 kishi halok boʻlgan, shulardan 60 nafari tinch aholi vakillari, ularning ichida ikki nafar voyaga yetmagan bola va bir ayol bor edi”.

Biroq hodisaga bevosita guvoh boʻlgan, fojiada yaqinlarini yoʻqotganlar qurbonlar va jarohatlanganlarning soni rasmiy maʼlumotlardagidan ancha koʻp boʻlganini aytishadi.

Oʻzbekistonning oʻsha paytdagi rahbari Islom Karimov tinch aholini oʻqqa tutish haqida hech qanday topshiriq berilmaganini aytgan. Shuningdek, voqealar markazida turgan Zokirjon Almatov 13 may voqealarida 1000 ga yaqin odam halok boʻlganini inkor etgan.

“Tinch aholiga oʻq uzilgan deyishadi, yoʻq, 12 soat oldin ularning 600-700 nafar oila-aʼzolarini Qirgʻizistonga chiqarib yuborganmiz. Bular kelayotganda harbiy qismdagi kapitanni otib qoʻyishgan. Keyin oddiy askarlar nima qiladi? Ikki tomon oʻrtasidagi otishma sabab bitta joyda 100 kishi oʻlgan. Ularning ichida bizning xodimlar ham, terrorchilar ham boʻlgan. Jami 187 kishi oʻlgan. Allohning oldida rost gapni gapiraman, bu aniq raqamlar”, degan u.

Oʻsha vaqtdagi mamlakat bosh prokurori Rashidjon Qodirov ham Andijon voqealarida besh yuzdan ziyod tinch aholi vakili qurbon boʻlgani haqidagi iddaolarni uydirma deb atagandi. Biroq 2020 yilda bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Ortiqova tinch aholi oʻqqa tutilganini tan olgan va buni sodir etganlar jazoga tortilganini taʼkidlagan.

Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, oʻsha kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning 31 nafar vakili oʻldirilgan. Bundan tashqari, umumiy hisobda 287 kishi, jumladan, 91 nafar tinch aholi vakili, huquqni muhofaza qilish organlarining 49 nafar xodimi va 59 nafar harbiy turli darajadagi tan jarohatlari olishgan.

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid