X-files — maxfiy hujjatlar
1993 yilda ekranlarga chiqqan mashhur X-files, yaʼni "Maxfiy hujjatlar" nomli serialni koʻpchilik yaxshi eslasa kerak. Bosh qahramonlar sirli hujjatlar ortidan quvib yurishadi.

Hozirgi kunda bizning hayotimizda va Oʻzbekistonda ham bu serialni suratga olish mumkin. E-qaror tizimida yashirilayotgan minglab hujjatlar tayyor syujet. Ssenariy muallifi va rejissyor Adliya vazirligi boʻlsa, bosh rollarda viloyat, tuman va shahar hokimlari.
Bu serialning yangi mavsumi ham boshlanadi yaqinda. 1 sentabrdan bosh qahramonlar safiga vazirliklar va boshqa idoralar ham koʻshilishi kutilyapti. Unda maxfiy hujjatlar soni keskin ortishi va serial juda qiziq tus olishi mumkin.
Gap nimadaligini koʻpchilik tushundi. E-qaror tizimida juda koʻplab qaror va farmoyishlar, katta ehtimol bilan, asossiz yashirilyapti. Adliya vazirligi hech nima qilolmasligi aytgan, chunki ularda jazolash vakolati yoʻq. Ammo vazirlik asossiz yashirilganlarni qayta ochib qoʻyishi mumkin.
Shuningdek, rostdanam maxfiy boʻlsa, faqat oʻsha shaxsga doir qismlarini berkitish yoʻli bor, texnologiya asrida bu muammo emas. Raqamli texnologiyalar vazirligi jon deb yordam bersa kerak.
Balki jazo yoʻqligi uchun ham hokimlar qarorlari sababsiz yashirilayotgandir. Masalan, suratlarda koʻrishingiz mumkin, Samarqand viloyati, Buxoro shahri va Kattaqoʻrgʻon tumani hokimliklari 10 lab qarorlari yashirib qoʻygan.
Bu boradagi oʻtgan yilgi rekord hozircha Toshkent shahar hokimiyatiga tegishli. Ular 2022 yilda 28 foizdan ortiq qarorni yashirgan. Bu sobiq hokim Ortiqxoʻjayev davriga toʻgʻri keladi. Ammo yangi hokim Umrzoqov ham berkitishni allaqachon oʻrganib boʻlgan.
2022 yildagi holat oʻrganilganda jami 16404 ta hujjat eʼlon qilingan, shundan 2496 tasi jamoatchilikdan yashirib qoʻyilgan. Bu borada Toshkent shahar hokimligi yetakchilik qilyapti. Keyingi oʻrinlarda Jizzax, Fargʻona va boshqa viloyatlar.
Poytaxtdan "oʻrnak" olibmi, jazo yoʻq ekan, baribir degan vaj bilanmi, boshqa hududiy va mahalliy hokimliklar ham yashirilgan qarorlar sonini oshirishni boshlayapti.
Bizningcha, bu muammo ustida jiddiy bosh qotiradigan payt allaqachon keldi. Yo hamma qarorlar ochib berilishi kerak, yoki aynan shaxsga doir maʼlumotlar berkitilib, ommaga eʼlon qilinishi mumkin. Hech boʻlmaganda qanday hujjat ekanini xalq biladi.