Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi aholiga murojaat qildi
Ayrim xususiy bandlik agentliklari tomonidan fuqarolarni aldash va ishonchini suisteʼmol qilish holatlari sodir etilgani maʼlum boʻldi

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi aholini soxta tashkilotlar bilan shartnoma imzolamaslikka chaqirmoqda.
Amaldagi tartibga koʻra:
- fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish boʻyicha litsenziyaga ega XBA axborot va maslahat xizmatlari uchun BHMning bir baravaridan, yaʼni 330 ming soʻmdan koʻp pul olishi mumkin emas.
- shuningdek, chet ellik ish beruvchi va hamkori bilan shartnomalar tuzmasdan, fuqarolarga xizmat koʻrsatish taqiqlanadi hamda ushbu shartnomalar XBAning rasmiy veb-saytida joylashtirilishi lozim.
Oʻtgan davr mobaynida XBA reyestridan 118 ta yuridik shaxs roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, hozirgi kunda ulardan 9 tasi fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish huquqini beruvchi litsenziyaga ega.
"Shu munosabat bilan, xorijda ishga joylashtirish vakolatiga ega boʻlmagan tashkilotlar yoki shaxslarga ishonmaslikka, turli koʻrinishdagi shartnomalarni tuzmaslikka va toʻlovlarni amalga oshirmaslikka chaqiramiz.
Xorijda ish taklif qilayotgan tashkilotlarning litsenziyasi borligiga ishonch hosil qiling. Shartnoma tuzayotganda, uning shartlarini oʻqib, toʻliq tushunib imzo qoʻying.
Agar XBA bilan nizoli vaziyatlarga duch kelsangiz, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga murojaat qilishingiz mumkin", deyiladi xabarda.
