platina.uz
Maqola

Tarixdagi eng katta qirgʻin yoxud Toshkentda 87 yil avval qatlgoh boʻlgan hudud bugun qanday koʻrinishda?

1937-38 yillarda 6920 nafar beayb otilganar, 3 qatlgoh hududlarini birlashtirgan makon va poytaxt markazida 23 yil avval tashkil etilgan majmuadagi ramziy qabr haqida.

Xalq tilida “Shahidlar xiyoboni” nomi bilan mashhur “Shahidlar xotirasi yodgorlik majmui” bunyod etilganiga bugun roppa rosa 23 yil boʻldi.

2000 yilning 12 mayda Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning tashabbusi bilan barpo etilgan majmua Toshkentning Boʻzsuv kanali sohilidan joy olgan.

Maydoni 16,5 ga. Majmua markazida balandligi 27 metrli rotonda joylashgan boʻlib, gumbazining ichki qismi ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan.

Unda ikki – oʻzbek va ingliz tillarida "Vatan ozodligi yoʻlida qurbon boʻlgan shahidlar xotirasi mangu yashaydi", degan yozuv bitilgan.

Tarixdan maʼlumki, yodgorlik majmui va muzey barpo etilgan joy XX asrning 20-yillaridan to Ikkinchi jahon urushi boshlanguniga qadar sovet davlatining jazo organlariga qatlgoh boʻlib xizmat qilgan.

Toshkent shahrida otilgan qatagʻon qurbonlari shu yerdagi uchta qatlgohga dafn etilganlar. Yodgorlik majmui ana shu sobiq 3 qatlgoh hududlarini oʻzaro birlashtirib turadi. Bugungi kunda esa majmua poytaxtning diqqatga sazovor eng soʻlim goʻshalaridan biriga aylangan.

Aziza AHROROVA, "Qatagʻon qurbonlari xotirasi" muzeyi ekskursovodlar boʻlimi boshligʻi:

- 1937-38-yillardagi qatllar tarixga katta qirgʻin nomi bilan kiritilgan. Sababi faqat Oʻzbekistonda emas, boshqa hududlarda ham qirgʻin boʻlgan. Xuddi shu yer qatlgoh sifatida tanlab olingan. Xuddi shu yerda oʻsha yillari 6920 nafar odam beayb otib tashlangan.

Bular ichida bizga tanish boʻlgan Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlponlar ham boʻlgan. Shuning uchun majmua aynan shu hududda tashkil etilgan.

Ushbu majmua qurilishi jarayonida bu yerdan odam suyaklari topilgan. Bu suyaklar Yunusobod tumanidagi Oqil ota qabristoniga koʻmilgan. Bu yerda esa ramziy qabr toshi oʻrnatilgan.

Shuningdek, majmua tarkibida “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyi ham tashkil qilindi. 2002 yildan buyon 31 avgustni Qatagʻon qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlash esa ezgu anʼanaga aylandi. Ushbu tarixiy majmuada oʻsha davr oʻzbek ziyolilarining eng sara vakillari – shoirlar, olimlar, adabiyotshunoslar, aktyorlar va muhandislar ham pinhona yoʻq qilingan.

Munavvaqori Abdurashidxonov 1931 yil 23 mayda Moskvada otib tashlangan. Bundan tashqari 1930 yilda 23-24 yoshidayoq maorif xalq komissari oʻrinbosari lavozimini egallagan Botu Mahmud Xodiyev 1930 yilda qamoqqa olinib, 10 yilga qamoq jazosiga hukm qilingan. Lekin muddati yetmasdan 1938 yilda Moskvada otib tashlangan. Yana ayoli Valintina Petrovna Vasilova 1941 yilda qamoqqa olingan. U Botuga sadoqat bilan umr kechirgan.

Ikki farzandi boʻlgan Erkli Mahmudov va Naima Mahmudova, davlat arboblarimiz Akmal Ikromov, Fayzulla Xoʻjayev, Normat Isroilov (shoira Zulfiya Isroilovaning akasi)lar ham qatagʻon qurboni boʻlganlar. Yuqorida aytib oʻtganlarimning hammasi keyinchalik oqlangan. Biroq, unda kech boʻlgan edi.

Bular orasida ayollarimiz ham boʻlgani ayanchli. Masalan, samarqandlik Rahima Islomova. 18-19 yoshlarida Fayzulla Xoʻjayev bilan gaplashgani uchun qamoqqa olingan. Uni “karser”ga olib borishgan. Tik turaverganidan oyogʻi yorilib ketgan. Oyogʻini qamoqxonada operatsiya qilishgan. Ozodlikka chiqqandan keyin ham koʻp yashamagan.

Oʻsha davr siyosatiga koʻra tarix, til, din haqida gaplar boʻlishi kerak boʻlmagan.

Tarixsiz kelajak yoʻq. Poytaxtimizning markazida joylashgan ushbu xiyobonda Vatan ozodligi uchun kurashgan, haqiqat sabab qatagʻon qurboniga aylangan minglab hamyurtlarimiz xotirasi mujassam. Ularning oʻchmas yodi qalbimizda mangu yashaydi.

Odinaxon DEHQONOVA tayyorladi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid