Bosh prokuratura merosga bepisand amaldorlarni fosh qildi
Prokuratura organlari tomonidan oʻtkazilgan tizimli nazorat tadbirlarida mansabdorlar 495 mln. soʻm zarar yetkazgani maʼlum boʻldi.

Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tadbirlarning birida Oqqoʻrgʻon tumani “Hosildor” mahallasida joylashgan “Shoxruxiya shaxristoni” arxeologiya yodgorligining 16 gektar yer maydoni qonunchilik talablariga zid ravishda xususiy korxonaga uzoq muddatga ijaraga berib yuborilgani aniqlandi.
Oqibatda, ushbu yodgorlik hududida oʻzboshimchalik bilan qazilma ishlari olib borilib, tarixiy obʼektga juda koʻp miqdorda 315 mln. soʻm zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Oqqoʻrgʻon tumanida qurilish hamda kadastr boʻlimi mansabdor shaxslari “X.Olimjon” mahallasida joylashgan “Qiyritepa” arxeologiya yodgorligining 0,4 gektar yer maydonida noqonuniy ravishda suv inshoatining qurilishiga yoʻl qoʻyishi oqibatida tarixiy obʼektga juda koʻp miqdorda 180 mln. soʻm zarar yetkazilgan.
Tekshirish natijasiga koʻra, tegishli mansabdor shaxslar va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.