Tadbirkorlar hisobidan noqonuniy pul yechib olganlar qamaladi
Prezident tomonidan imzolangan yangi qonun bilan bir qator qonunlarga oʻzgartirishlar kiritildi.

Xususan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga koʻra, tadbirkorlarning bank hisobvaraqlaridan pul mablagʻlarini ularning roziligisiz qonunga xilof ravishda oʻtkazish yoki olib qoʻyish yoxud ularni oʻz vaqtida qaytarmaslik, oz miqdorda talon-toroj qilish alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda BHMning 20 baravaridan 40 baravarigacha (6 mln 600 ming soʻmdan 13 mln 200 ming soʻmgacha) miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qoʻshimchaga koʻra, yuqorida qayd etilgan huquqbuzarlik maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilsa BHMning 200 baravaridan 300 baravarigacha miqdorda jarima ,3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish, 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.
Oʻsha harakatlar juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda yoki uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin. Qonun uch oydan soʻng kuchga kiradi.