platina.uz
Jahon

Pokistonda qaqshatqich toʻqnashuvlar avj olmoqda

Pokistonda sobiq bosh vazir Imron Xonning tarafdorlari va xavfsizlik kuchlari oʻrtasida qaqshatqich toʻqnashuvlar avj olmoqda. Norozilik namoyishlari butun mamlakat boʻylab yoyilgan. Pokiston sobiq bosh vaziri Imron Xon tarafdorlari nimadan norozi?

Pokistonda qaqshatqich toʻqnashuvlar avj olmoqda

Pokiston muxolifati mamlakat sobiq bosh vaziri va muxolifatdagi “Tehriki Insaf” partiyasi rahbari Imron Xonning hibsga olinishi ortidan xalqni tinimsiz norozilik namoyishlariga chiqishga undamoqda.

“Sizning vaqtingiz keldi, Pokiston xalqi. Xon doim sizni himoya qilib keldi, endi uni himoya qilish vaqti keldi”, demoqda partiya.

Xabar qilinishicha, Imron Xon “Al-Qodir” ishi boʻyicha Milliy hisobot byurosi tomonidan hibsga olingan.

Avvalroq iqtisodiy razvedka Imron Xon, uning rafiqasi va “Tehriki-Insaf” yetakchilariga nisbatan tergov boshlagan edi.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, ular birgalikda “Al-Qodir universiteti”ni yaratish boʻyicha uyushma tashkil etishgan va bu Pokiston byudjetiga 50 milliard rupiy miqdorida zarar yetkazgan.

Partiya matbuot xizmatining xabar qilishicha, sobiq bosh vazir Imron Xonning hibsga olinishiga qarshi norozilik namoyishlari Islomobod, Peshovar, Xaripur, Abbotobod, Sialkot, Faysalobod, Ravalpindi, Lohur va mamlakatning boshqa hududlarida boʻlib oʻtmoqda.

Ommaviy axborot vositalari vakillariga namoyishlarni yoritishga ruxsat berilmagan.

Politsiya partiya tarafdorlarini tarqatib yuborish uchun turli taʼsir usullari, xususan, koʻzdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanmoqda.

Norozilikka chiqqan namoyishchilar yoʻllarida uchragan narsani sindirib, vayron qilishmoqda, mashina va uylarni yoqib yuborishmoqda.

Avvalroq Imron Xon BBC muxbiriga bergan intervyusida uni qamoqqa olish uchun hech qanday asos yoʻqligini, hukumat uni panjara ortiga tashlash uchun turli bahonalarni toʻqib chiqarayotganini aytgandi.

Sobiq bosh vazirning iddao qilishicha, hukumat shu yoʻl bilan uni va uning partiyasini kelayotgan saylovlarda ishtirok etishiga yoʻl qoʻymaslikni maqsad qilgan. “Qamoqda boʻlamanmi yoki ozodlikdami, partiyamning gʻalaba qilishiga xalaqit berisholmaydi”, degan Imron Xon.

Tavsiya etamiz

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid