Sportchilar uchun antidoping taʼlim elektron platformasi yaratiladi
“Maʼmuriy islohotlar doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi etib qayta tashkil qilindi.
Milliy antidoping agentligi, jumladan:
- respublika ijro etuvchi hokimiyat organi maqomiga ega boʻlib, oʻz faoliyatida Prezident hamda Vazirlar Mahkamasiga hisobdordir;
- Butunjahon antidoping agentligining talablari va qoidalari bajarilishi ustidan doimiy monitoring olib boradi hamda tezkor joriy etadi.
Qarorga muvofiq, vazirlik va idoralarda yagona mehnatga haq toʻlash tizimi joriy qilingunga qadar 2023 yil 15 maydan Milliy antidoping agentligi xodimlariga quyidagi miqdorda koʻp yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama toʻlanadi (ragʻbatlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
- 1 yildan 3 yilgacha – 0,3;
- 3 yildan 5 yilgacha – 0,6;
- 5 yildan 10 yilgacha – 0,8;
- 10 yildan 15 yilgacha – 1;
- 15 yildan 20 yilgacha – 1,2;
- 20 yildan yuqori – 1,5.
Respublikada va xorijda oʻtkaziladigan musobaqalarda doping-sinamalar olish huquqiga ega boʻlgan xalqaro toifadagi doping ofitserlarni Xalqaro test agentligida (International Testing Agency) oʻqitish yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek, antidoping nazorati va monitoringi sohalari raqamlashtiriladi. Bunda:
- doping-test va doping nazoratini tashkil qilish, sportchilar haqida maʼlumotlarni toʻplash va saqlashga oid sportchining “biologik pasporti” (ABP) onlayn tizimi joriy etiladi;
- sportchilar uchun antidoping taʼlim elektron platformasi yaratiladi;
- bosqichma-bosqich Sportda taqiqlangan moddalarni tekshirish milliy platformasi joriy etiladi.