Olov – tilsiz yov
Kosonda sodir boʻlgan yongʻinda xonadon sohibining turmush oʻrtogʻi vafot etdi.

Bugun, 2023 yil 10 may kuni soat taxminan 03.59 larda qutqaruv xizmatiga Koson tumani Yuqori Arabxona mahallasi Shuhrat koʻchasidagi xonadonlarning birida yongʻin sodir boʻlayotgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabarga koʻra, tuman FVB dan 1 ta yongʻin-qutqaruv boʻlinmasi voqea joyiga zudlik bilan yetib kelgan va soat taxminan 04.30 da yongʻin toʻliq bartaraf etilgan.
Yongʻin oqibatida fuqaro B.L. ga tegishli xonadonning 28 metr kvadrat ichki va tom qismi zararlangan.
Yongʻindan xonadonning taxminan 150 metr kvadrat maydoni saqlab qolingan.
Maʼlum boʻlishicha, sodir boʻlgan yongʻindan 1 nafar fuqaro (xonadon sohibining turmush oʻrtogʻi) kuyish tan jarohati olishi natijasida voqea joyida vafot etgan.
Mazkur vaziyat yuzasidan tegishli soha vakillari tomonidan surishtiruv jarayonlari olib borilmoqda.
Bundan avvalroq esa Paxtachi tumanida ham yongʻin sodir sodir boʻlgani aytilgan edi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligining xabar berishicha, 9 may kuni soat 21:25 da Samarqand viloyati Paxtachi tumani “Yangiobod” MFYda joylashgan aholiga suyultirilgan gaz quyish shaxobchasi hududida yongʻin portlash sodir boʻlayotganligi toʻgʻrisida FV boʻlimiga xabar tushgan.
Falokat joyiga 5 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji yetib borib, yongʻinni soat 22:30 qurshab olgan va soat 23:00 da bartaraf etgan.
Yongʻin natijada gaz quyish shaxobchasi hududida boʻlgan 3 ta “ISUZU” rusumli avtomashina va ularda sigʻimi 50 litrli suyultirilgan uglevodorod gazlari boʻlgan ballonlar yonib ketib zararlangan.
Hodisa shaxobchadagi “MAN” rusumli suyultirilgan gaz tashuvchi avtomashinasidan gazni zahira sigʻimiga boʻshatish jarayonida texnika xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida yuzaga kelgani taxmin qilinmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, hodisa oqibatida bir fuqaro tan jarohati olgan. Hozirda vaziyat oqibatlarini bartaraf etish ishlari olib borilmoqda.
Voqea joyiga FVV, IIB, SSB va tegishli tashkilotlar xodimlari yetib borgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi esa korxona, tashkilot va muassasalarda yongʻin xavfsizligini taʼminlash hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olishning chora-tadbirlarini eslatib oʻtmoqda.