Nashid uchun qamalgan talaba boʻyicha jamoatchilik fikriga munosabat bildirildi
Grant asosida oʻqiyotgan, ota-onasining yagona boquvchisi boʻlgan talaba oʻz sinfdoshlaridan iborat telegram guruhga diniy qoʻshiq – nashid joʻnatgani uchun sud hukmi bilan 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan. Ushbu jazo boʻyicha jamoatchilik tomonidan turli munosabatlar bildirildi. Toshkent viloyati IIBB ana shu munosabatlarga javob berdi.

Xabaringiz bor, 2022 yil oktabr oyida Toshkent viloyati IIBB tomonidan 2002 yilda tugʻilgan, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida yashovchi, grant asosida oʻqiyotgan, ota-onasining yagona boquvchisi boʻlgan yuvosh bir talaba oʻz sindoshlaridan iborat telegram guruhga diniy qoʻshiq – nashid joʻnatgani uchun ushlanib, sud hukmi bilan uni 3 yil qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Bu hukm ijtimoiy tarmoqlarning oʻzbek segmentida katta noroziliklarga sabab boʻldi. Hukmni nomutanosib, deb topishdi.
“Yillar davomida yetim qizlarni zoʻrlab kelgan pedofil amaldorlarga 1,5 yil shartli jazo berilsa-yu, diniy qoʻshiq uchun 3 yil real ozodlikdan mahrum etish tayinlanadimi? Diniy qoʻshiq eshitish voyaga yetmagan yetim qizlarni muttasil zoʻrlash va ularga qoʻshmachilik qilishdan koʻra jamiyat uchun xavfliroq ekanda?” degan munosabatlar bildirildi.
Toshkent viloyati IIBB bu mavzu yuzasidan maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, tezkor-qidiruv tadbirlar davomida “U.J.” Suriyada faoliyat olib borayotgan “Tavhid va jihod katibasi” xalqaro terroristik tashkilot jangarilari tomonidan tayyorlangan maʼruzalarni internet orqali tinglashi davomida ularning gʻoyaviy taʼsiriga tushgan va ushbu harakatlarni qoʻllab-quvvatlashni boshlagan.
U, xalqaro terroristik tashkilot tarafdorlari sonini orttirish maqsadida Internet orqali “jihod” va “shahidlikka chorlov” maʼruzalarini oʻziga tanish boʻlgan shaxslar va yaqinlari orasida tarqatish bilan shugʻullangan.
Xususan, “U.J.” tomonidan tarqatilgan materiallar orasida “Shaxid boʻlib ketsak rozi boʻlingiz” nomli nashida ham boʻlib, unda oʻzbek tilida “mujohid boʻlish nasib qilgani, karvondan qolmasdan ularga ergashish kerakligi, shahid boʻlib ketish orzulari ekani, Alloh bergan jonni Allohga sotishlari, Alloh yoʻlida qurbonlik qilishlari, togʻutlarga qarshi kurashish va mujohid boʻlib ularga ergashish kerak ekani” mazmunidagi chorlov soʻzlari keltirilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Din ishlari boʻyicha qoʻmitasining ekspertlik xulosasiga koʻra, ushbu maʼlumotlar diniy aqidaparastlik gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan boʻlib, ularni Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tayyorlash va tarqatish taqiqlanadi.
Ushbu holat yuzasidan joriy yilning 20 fevral kuni fuqaro “U.J.” ga nisbatan Jinoyat kodeksining 244 (1)-moddasi uchinchi qismi (Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish, ommaviy axborot vositalaridan yoxud telekommunikatsiya tarmoqlaridan, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib sodir etilgan boʻlsa) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Ushbu jinoyat uchun qonunchilikda 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan boʻlsada, joriy yilning 8 may kuni Toshkent viloyati Oqqurgʻon tuman sudi tomonidan “U.J.”ning shaxsi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, uning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini inobatga olgan holda, JKning 57-moddasi (yengilroq jazo tayinlash)ni qoʻllagan holda, belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq boʻlgan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Bayonot soʻngidagi eslatmaga koʻra, “Shu bilan birga, “Axborotlashtirish toʻgʻrisida”gi qonunining 121-moddasiga binoan, Internet tarmogʻidan jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborot tarqatish yoki qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab boʻladigan oʻzga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
“Jurnalistik faoliyatini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning 6-moddasida esa jurnalistning majburiyatlari qatorida oʻzi tayyorlayotgan materiallarning toʻgʻri yoki notoʻgʻri ekanligini tekshirish va xolis axborot taqdim etishi shartligi koʻrsatilgan”.