Interpolning Oʻzbekiston milliy markaziy byurosi faoliyati yuqori baholandi
Shuningdek, Interpol Markaziy Osiyo boʻyicha tashabbus bilan chiqdi.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosining xabar berishicha, IIV, FVV, DBQ, Sanoat xavfsizligi qoʻmitasi, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti vakillari, shuningdek, Interpol Bosh kotibiyati ekspertlari, AQSh Energetika vazirligi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston vakillari ishtirokida uch kun boʻlib oʻtgan 1-yigʻilishda faoliyat tahlil qilingan.
Yana maʼlum qilinishicha, mazkur uchrashuvning asosiy maqsadi - davlatlarga radioaktiv va yadroviy materiallarni aniqlash boʻyicha oʻz imkoniyatlarini kengaytirishga yordam berish, radiologik hodisalarga munosabat bildirish (aniqlash, oʻlchash, maʼlumot, dalillarni toʻplash va boshqalar), ular aniqlanganda tergov tadbirlarini oʻtkazishdan iborat edi.
MAʼLUMOT UChUN:
GEIGER loyihasi 2002 yilda tashkil etilgan boʻlib, uning asosiy maqsadi yadroviy va radioaktiv materiallarning noqonuniy aylanishi va yadroviy materiallar bilan boshqa ruxsat etilmagan harakatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarini toʻplash va tahlil qilishdir. Interpolning GEIGER loyihasi maʼlumotlar bazasi politsiya razvedkasining maʼlumotlar bazasi boʻlib, unga faqat Interpol Bosh kotibiyati aʼzolari kirish huquqiga ega. Kerakli maʼlumotlarni olish uchun manfaatdor boʻlimlar bevosita oʻzlarining hududiy MMB lari orqali murojaat qilishlari mumkin.
Oʻzbekiston loyiha faoliyatiga 2015 yilda qoʻshilgan boʻlib, faol va uzoq muddatli ishtirokchi sifatida oʻtkazilgan yigʻilishlar va anjumanlar chogʻida avval erishilgan kelishuvlar natijasida Interpol MMB yangi chegara mamlakatlarini jalb qilgan holda Markaziy Osiyo boʻyicha ishchi guruhini yaratish tashabbusi bilan chiqdi.
Shu tariqa, koordinator sifatida Oʻzbekiston Interpol MMB ICPO Interpol SG koʻmagida GEIGER loyihasining Markaziy Osiyo boʻyicha ishchi guruhining birinchi yigʻilishini oʻtkazdi.
Ushbu uchrashuvda asosiy eʼtibor idoralararo muvofiqlashtirish va radiatsiyaviy va yadroviy hodisalar boʻyicha, birinchi navbatda, milliy darajada axborot almashinuviga qaratildi.
Tadbir davomida Interpol Bosh kotibiyati ekspertlari va yigʻilishda ishtirok etayotgan delegatsiyalar vakillari Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi MMB va faoliyati va tinchlikni mustahkamlash yoʻlida transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasidagi salohiyatini yanada yuksaltirish va mustahkamlashga intilishi yuqori baholandi.