Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qiluvchi Ikkinchi jahon urushi va front orti qatnashchilarining soni ochiqlandi
Joriy yilning 6 may holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 174 nafar urush va front orti qatnashchilari istiqomat qilishmoqda.

Ularning 25 nafari 100 yoshdan oʻtgan. Qatnashchilarning eng kichigi 78 yoshda, eng kattasi esa 112 yoshda. Eng koʻp qatnashchilar Toshkent shahrida boʻlib, 55 nafarni tashkil etadi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa hozirda qatnashchilarning faqat 3 nafari hayot.
Eslatib oʻtamiz, bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi “Chinobod” sanatoriysiga borib, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari holidan xabar oladi hamda Gʻalaba bogʻidagi "Matonat madhiyasi" yodgorlik majmuasida gul qoʻyadi.
Ertaga – 9 may kuni esa butun Oʻzbekiston boʻylab Xotira va qadrlash kuni nishonlanadi.
Ikkinchi jahon urushida oʻzbekistonliklarning frontga qoʻshgan hissasi yodga olinib, urushda va urush oqibatlaridan halok boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirlanadi.
Avvalroq, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga asosan urush qatnashchilariga 9 may bayrami munosabati bilan 18 million soʻm miqdorida bir martalik pul mukofoti berilishi maʼlum qilingan.