Muddatidan avval oʻtadigan prezident sayloviga tayyorgarlik boshlandi
Shu munosabat bilan 2023 yil 10 may kuni soat 11:00 da Markaziy saylov komissiyasining majlisi boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8 maydagi “Muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlash toʻgʻrisida”gi 68-son Farmoni bilan 2023 yil 9 iyul kuni muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi oʻtkazilishi belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 128-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlashga haqli.
Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 66-moddasiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini tayinlagan taqdirda, saylov Saylov kodeksiga toʻliq muvofiq holda ikki oy ichida oʻtkazilishi belgilangan. Bunda saylovga tayyorgarlik koʻrish hamda uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilanadi.
Shu bilan birga, Saylov kodeksida saylov kampaniyasini boshlanganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinishi yuzasidan normalar belgilab berilgan.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan qonun talablaridan kelib chiqib, Markaziy saylov komissiyasi muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha tayyorgarlik ishlarini boshladi.
Shu munosabat bilan 2023 yil 10 may kuni soat 11:00 da Markaziy saylov komissiyasining majlisi boʻlib oʻtadi.
Majlisda muddatidan ilgari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi boshlanishini eʼlon qilish hamda saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini belgilash masalalari koʻrib chiqiladi.