Bugun "Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida"gi konstitutsiyaviy qonun kuchga kirdi
Unga koʻra, Oʻzbekiston Saylov kodeksiga oʻzgartirishlar kiritildi. Endi Prezident muddatidan ilgari prezident saylovini tayinlagan taqdirda saylov ikki oy ichida oʻtkaziladi. Mazkur qonunni Qonunchilik palatasi 2023 yil 2 mayda qabul qilgan va Senat 2023 yil 4 mayda maʼqullagan.

Saylovga tayyorgarlik koʻrish, uni oʻtkazishga doir tadbirlarni amalga oshirish muddatlarini Markaziy saylov komissiyasi belgilaydi.
Prezident Qonunchilik palatasi va Senatni tarqatib yuborsa, Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovi uch oy ichida oʻtkaziladi.
Bugun Shavkat Mirziyoyev Senat, deputatlar va jamoatchilikka murojaat qilyapti. Parlament tarqatilishi va muddatidan ilgari prezident saylovi eʼlon qilinishi mumkin.
Qonunchilik palatasi va Senat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tarqatib yuborilgan taqdirda, Qonunchilik palatasi deputatlarining va senatorlarning saylovi Saylov kodeksiga toʻliq muvofiq holda uch oy ichida oʻtkaziladi.