2024 yil 1 yanvardan “Shaxmat stipendiyasi” taʼsis etiladi
Mamlakatimizda ilk bor oʻtkaziladigan Butunjahon shaxmat olimpiadasini yuqori saviyada tashkil etishga puxta tayyorgarlik koʻrish, yangi avlod isteʼdodli yosh shaxmatchilarni tayyorlash va jahon shaxmat maydoniga olib chiqish, shaxmatni aholi oʻrtasida yanada ommalashtirish maqsadida Prezident qarori qabul qilindi. Qarorga koʻra, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi Samarqand shahrida oʻtkaziladi. 2024 yildan boshlab har yili professional shaxmat klublari oʻrtasida “Oʻzbekiston birinchiligi” musobaqalari oʻtkazib boriladi.

Shuningdek, qabul qilingan “2026 yil Oʻzbekistonda boʻlib oʻtadigan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasiga kompleks tayyorgarlik koʻrish hamda shaxmatni ommaviy harakatga aylantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” Prezident qaroriga koʻra, 2024 yil 1 yanvardan boshlab “Shaxmat stipendiyasi” taʼsis etiladi.
“Maktab ligasi”, “Akademik litsey ligasi”, “Professional taʼlim muassasalari ligasi” va “Talabalar ligasi” musobaqalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchi-yoshlar va talabalar yil davomida har oyda bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida “Shaxmat stipendiyasi” bilan ragʻbatlantiriladi.
2024 yil 1 yanvardan boshlab xususiy shaxmat klublariga ular tomonidan shaxmat toʻgaraklarini tashkil etish va aholiga xizmat koʻrsatish uchun davlat mulki obʼektlari va hududlardagi “Yoshlar markazlari”dan ijara toʻlovlarisiz (kommunal toʻlovlar bundan mustasno) joy ajratiladi.