Matbuotimizning “tillarda doston” erkinligi raqobatga bardoshlimi?
Har yili “Chegarasiz reportyorlar” xalqaro tashkiloti tomonidan tuziladigan “Jahon matbuot erkinligi” indeksining joriy yilgi reytingida Oʻzbekiston 133-oʻrindan 137-pogʻonaga tushib qoldi. Bu oʻtgan yilgi reyting bilan solishtirilganda, 4 pogʻona yomonlashgan. Ushbu natija matbuotimizning “tillarda doston boʻlgan erkinligi" aslida amalda mavjud boʻlmaganmidi, degan savolga sabab boʻldi.

Darhaqiqat, bugun matbuotimizda erkinlik qay darajada? Toʻrtinchi hokimiyat sanalgan OAV haqiqatdan ham toʻrtinchi hokimiyatmi?
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti (OʻzJOKU) media nazariyasi va amaliyoti kafedrasi mudiri, professor Nazira TOShPOʻLATOVAning fikricha, "Matbuot tushunchasi butun jurnalistikaga taalluqli. Uning erkinligini belgilovchi bir necha koʻrsatkichlar mavjud. Birinchi navbatda u jurnalistlar erkinligi bilan aniqlanadi. Bugun media makonda soʻz erkinligiga harakatlar bor. Tahdidlar boʻladimi, bosimlar boʻladimi, odamlar soʻz erkinligidan foydalana olyapti. Va boʻlayotgan tahdidlar ham aholidan sir tutilmayapti. Avval shunday tahdidlar, cheklovlar boʻlsa, ular yashirilardi, zimdan oʻtkazilardi. Hozir buni hamma biladi”.
Filologiya fanlari nomzodi, dotsent Akbar NURMATOV qayd etishicha, “matbuot erkin boʻlishi kerak. U erkin boʻlgandagina soʻz erkinligi va fikr erkinligi taʼminlanadi. Matbuot erkinligining oʻzi demokratiya. U bugun bor boʻlib ertaga yoʻq boʻlib qoladigan boʻlsa, matbuot erkinligi boʻlmaydi. Bundan tashqari bizda matbuot erkinligi deganda, kim qattiqroq baqirsa, oʻsha oʻzini erkinroq his etyapti. Yoʻq, matbuot erkinligi bu bilan belgilanmaydi”.
Darhaqiqat, quruq qoshiq ogʻiz yirtar deganlaridek, quruq gaplar ham axborot isteʼmoli uchun yaroqsiz hisoblanadi. Bugun butun dunyo boʻyicha bosma OAV “xavf” ostida. Media makondagi elektron raqobat natijasida “bosma nashrlarning kelajagi boʻladimi yoki yoʻq?”, degan savollar ochiq qolmoqda. Xoʻsh, oʻzi bizda bosma nashrlar ahvoli qanday?
“Ishonch” gazetasi bosh muharriri Husan ERMATOVning aytishicha, “Oʻzbekistonda yaxshi gazetalar bor, lekin aholi ularni koʻrmasdan turib baho berishga odatlanib qolgan. Gazetalarning saqlanib qolishi faqat gazetchilarga emas, jamiyat uchun kerak, aslida. Matbuot erkin boʻlishidan avval, unda ishlaydigan xodimlarning oʻzlari erkin boʻlishi kerak. Agar bizning gazeta tashqi tomondan erkin emasdek tuyiladigan boʻlsa, demak, men hali oʻzim erkin boʻlmaganman. Lekin mana shu oxirgi yillarda gazetamizda yuzlab tanqidiy maqolalar bergan boʻlsak, ularning birortasi boʻyicha eʼtiroz, bosim boʻlgan emas”.
Soʻnggi tahlillarga koʻra, yurtimizda ommaviy axborot vositalari soni 2016 yilga nisbatan qariyb 30 foizga ortib, 1962 taga yetgan. Milliy axborot makonida internet nashrlarining soni soʻnggi 6 yilda salkam ikki barobar koʻpayib, 677 ta tashkil etmoqda va bu koʻrsatkich oʻsishda davom etishi mumkin.
Demakki, davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, “Bir haqiqatni hech qachon esdan chiqarmasligimiz kerak: barchamiz demokratiya deb atalgan buyuk maktabning oʻquvchilarimiz. Bu borada hali koʻp narsalarni oʻrganishimiz zarur”. Ana shunda amaliyotdagi ijobiy koʻrsatkichlar oshishi va davlat organlari hamda OAV oʻrtasidagi ochiqlik, oshkoralik koʻprigi mustahkam boʻlishi, demokratiyaning asl madaniyati shakllanishi shubhasiz. Shuningdek, jahon matbuot erkinligi indeksining kelgusidagi reytingida oʻzbek matbuoti sezilarli darajada yuqorilashishiga umid qilamiz.
Odinaxon DEHQONOVA tayyorladi