Messi "PSJ"dan Saudiya Arabistoniga ruxsatsiz borgani uchun kechirim soʻradi
Fransiyaning "PSJ" futbol klubi hujumchisi Lionel Messi Saudiya Arabistoniga ruxsatsiz borgani uchun kechirim soʻradi.

Avval xabar qilganimizdek, "Pari Sen-Jermen" futbol jamoasi rahbariyati super yulduz hujumchi Lionel Messini ikki haftaga oʻyindan chetlatgan edi. Messi klub ruxsatisiz Saudiya Arabistoniga reklama safariga chiqqani uchun shunday qaror qabul qilingan.
"PSJ" jamoasi yakshanba kuni oʻz uyida "Loryan"dan 3:1 hisobida magʻlub boʻlganidan soʻng, 35 yoshli futbolchi Saudiya Arabistoniga uchib ketgan. Bu yerda futbol yulduzi rasman “turizm elchisi” hisoblanadi.
Keyinchalik esa PSJ Messi bilan shartnomani boshqa uzaytirmaslik haqida qaror qabul qilshgani maʼlum boʻldi.
Shunday mojarolar fonida Messi oʻzining Instagram sahifasiga uzr soʻrab, videomurojaat yukladi. Italiyalik mashhur sport jurnalisti Fabritsio Romano bu videomurojaatni oʻz Twitter sahifasida repost qilgan.
Messining aytishicha, “Loryan” bilan oʻyindan soʻng jamoa dam olishga haqli, deb oʻylagani uchun Saudiya Arabistoniga uchib ketgan.
“Hammaga salom, boʻlib oʻtgan voqealardan keyin ushbu videoni yozishga qaror qildim. Eng avvalo, klubdoshlarimdan kechirim soʻrayman. Hozirda klub masalam yuzasidan qanday qarorga kelishini kutib turibman. Toʻgʻrisini aytsam, har doim boʻlgani kabi, oʻyindan soʻng dam olsak boʻladi, deb oʻylagandim. Saudiya Arabistoniga safarim avvaldan rejalashtirilgan edi. Uni bekor qila olmasdim. Chunki avval ham bu ishni qilganim uchun bu gal vaʼdamda turishga qaror qildim”, deya izoh bergan Messi.
Ayrim taxminlarga koʻra, Parij futbol klubi superyulduz bilan shartnomani uzaytirmaslikka qaror qilgan.
Boshqa xabarlarda esa, Messining Saudiya Arabistonidagi “Al-Xilol” klubiga oʻtish haqida tasmiy taklif olgani aytilmoqda.
“Al-Xilol” klubi argentinalik futbolchini chaqirgan hozircha yagona klub boʻlib, boshqa klublar jahon chempioniga eʼtibor berishmagan. 35 yoshli Messining Saudiya Arabistonidagi maoshiga yiliga 400 million dollar etib belgilanishi mumkin.
Agar Messi bu klubi bilan shartnoma imzolasa, bu mamlakatda oʻynayotgan yana bir buyuk futbolchi – Jahon Chempionatidan soʻng Ar-Riyodning “An-Nasr” klubiga oʻtgan Krishtianu Ronalduga raqobatchi boʻlishi mumkin.
Hozircha esa Messi bir yilda 130 million daromad qiladi. Bu pullarning yarmini u maydondagi chiqishlari uchun, yarmini esa maydon tashqaridagi faoliyati uchun oladi. Messi bu koʻrsatkich bilan dunyodagi eng koʻp pul toʻlanadigan futbol yulduzi, yiliga 136 million dollar daromad qiladigan Ronaldudan keyingi oʻrinda turadi.