Bayden defoltga yoʻl qoʻymaslik uchun 14-tuzatishni qoʻllashga tayyor emas
Prezident Jo Bayden AQSh qarzlari boʻyicha defoltga tushmasligi uchun hali 14-tuzatishni qoʻllashga tayyor emasligini bildirdi. Biroq ekspertlar Baydenning bu ishga qoʻl urish ehtimoli borligini aytishmoqda. "Hali bungacha yetib bormadim", — degan Bayden MSNBCga bergan intervyusida.

Bu masalada ikkiga boʻlingan AQSh Kongressining federal hukumat qarzining eng yuqori chegarasini 31,4 trillion dollar hajmiga koʻtarishi uchun shunchaki vaqt yetishmaydi. AQSh Moliya vaziri esa Gʻazna 1 iyundayoq qarzlarni toʻlashga qodir boʻlmay qolishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Sohadagi ayrim ekspertlarning aytishicha, agar Kongress zarur choralar koʻrmasa, Baydenda faqat bitta imkoniyat – yaʼni AQSh oʻz qarzlarini toʻlashda davom eta olishi uchun 14-tuzatishni qoʻllash qoladi xolos.
Gap shundaki, 1861-1865 yillardagi Fuqarolar urushidan keyin qabul qilingan 14-tuzatishda “Amerika Qoʻshma Shtatlari qarzining haqiqiyligi shubha ostiga olinmaydi” deyilgan.
Bayden hamda AQSh Kongressidagi yetakchi respublikachilar va demokratlar seshanba kuni yigʻilishib, uch oydan beri toʻxtamayotgan bu munozara va mojaroga chek qoʻyishmoqchi. Mojaro esa federal qarz yuqori chegarasini belgilash va oy oxiiida vayronkor defoltdan qutulib qolish ustida ketyapti.
Har ikki tomon ham aniq pozitsiyalarini namoyish etishmoqda: Bayden federal hukumat oʻrnatgan qarz olish limitini koʻtarish tarafdori. Respublikachi vakillar palatasi spikeri Kevin Makkarti esa uning palatasi muammoni hal qilish uchun xarajatlarni qisqartirishni koʻzda tutmaydigan har qanday yechimni rad etishini aytmoqda.
Shu oʻrinda qoʻshimcha qilish joizki, AQSh oʻz tarixi davomida hech qachon defoltga uchramagan. Hatto AQShning byudjeti doimiy barqaror defitsitga ega boʻlib kelayotgani ham defolt xavfini tugʻdirmaydi. AQSh byudjetida faqatgina 2001 yilda profitsit kuzatilgan xolos. Undan keyin esa AQShning harbiy amaliyotlari, muvozanatlashmagan xarajatlar va koronovirus pandemiyasi tufayli, mamlakat byudjetida doimo defitsit kuzatiladi.
Fevral oyida AQShning qarzi “yubiley” koʻrsatkich – 30 trillion dollardan oshdi.
AQShni eng koʻp qarzdor qilgan davlatlar roʻyxatining boshida 1199,8 mlrd. dollar koʻrsatkich bilan Yaponiya turadi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarda esa Xitoy (971,8 mlrd. dollar) hamda Buyuk Britaniya (644,7 mlrd dollar) turadi.
Shunga qaramasdan, barcha davlatlar va hatto AQSh fuqarolari va tadbirkorlari ham AQSh hukumatiga bajonidil qarz berishadi. Chunki AQSh YaIMi butun dunyo YaIMning 25 foiziga. 1960 yillarda esa hatto 60 foiz darajasida boʻlgan. Yaʼni butun dunyo iqtisodiyotining yarmidan ziyodi AQSh hissasiga toʻgʻri kelgan.