platina.uz
Jamiyat

Ayol mentalitet qurboni(mi?)

Bugun farzandining kelajagi, ayniqsa, qizlarining taqdiriga befarq boʻlmagan har bir ota-onaning koʻnglida xavotir. Ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora tarqalayotgan xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonliklar, shilqimliklar jamiyatning ogʻriq nuqtasiga aylanib ulgurdi. Hatto zoʻravonliklar ortidan kuzatilayotgan jonga qasd qilish holatlari ham tez-tez kuzatilyapti.

Ayol mentalitet qurboni(mi?)

Ayol– ojiza, biroq kuchli,
Ayol– zaifa, ammo irodali!

Soʻnggi vaqtlarda xotin-qizlar bilan bogʻliq baxtsiz hodisalar soni ortdi. Xususan, 12 yoshli Muslima, qolaversa, Xorazm viloyatida oilaviy mehribonlik uyining voyaga yetmagan uch nafar qizi mansabdor shaxslar tomonidan zoʻrlangani aytilgan boʻlsa, oradan ikki kun oʻtmay 17 yoshli qiz bir necha erkak tomonidan zoʻrlangani haqidagi mudhish xabarlar tarqaldi. Bir hafta oʻtar-oʻtmas 27 yoshli ayol 3 bolasi bilan 9-qavatdan oʻzini tashlab, oʻzi va farzandlari joniga qasd qildi. Biroz oʻtmay Qoʻqon davlat pedagogika instituti yotoqxonasida qizlarning xonasiga yashirin kamera oʻrnatilgani aniqlandi. Yana voyaga yetmagan qizga tegajogʻliq hamda shu kecha kunduzda esa poytaxtdagi bogʻchalarning birida voyaga yetmagan qizaloqlarga nisbatan shilqimlik voqeasi muhokamalar markazida boʻlib turibdi.

Bugun farzandining kelajagi, ayniqsa, qizlarining taqdiriga befarq boʻlmagan har bir ota-onaning koʻnglida xavotir. Ijtimoiy tarmoqlarda kunda-kunora tarqalayotgan bu kabi zoʻravonliklar jamiyatning ogʻriq nuqtasiga aylanib ulgurdi.

Tahlillarga koʻra, oʻtgan uch oy mobaynida huquq tartibot idoralariga zoʻravonlikka uchragan ayollar tomonidan 11 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan.

Qizlarni erta turmushga berish, yigitlarni hali oila masʼuliyatini his qilmay turib uylantirish oqibatida oʻtgan vaqt mobaynida ajrimlar soni ham keskin oshib ketdi.

2021 yilda 39 ming 227 tani tashkil etgan boʻlsa, 2022 yilga kelib, 48 ming 734 taga yetgan. Bu koʻrsatkich 1 yil ichida ajralish holati 24 foizga oshganidan dalolat beradi.

Jamiyatimizda bunday pastkashliklar koʻpayib ketishiga asosiy sabab nima? Qonunda xotin-qizlarni himoya qilish, qoʻllab-quvvatlash borasida talay vazifalar belgilangan, ammo shunga qaramay zoʻravonliklar ortib borayotganligi kishini xavotirga soladi. El orasida ushbu illatning chuqur ildiz otmasligi uchun qanday zaruriy choralar koʻrish kerak?

Mashhura MUSAMUHAMMEDOVA, Toshkent islom akademiyasi oʻqituvchisi, nafaqada:
– Jamiyatimizda zoʻravonliklar koʻpayishiga tarbiyaning sayozligi, oiladagi muhitning notinchligi, bir-biriga boʻlgan mehrning yoʻqligi, oʻzidan boshqa odamni oʻylamasligi, yosh bolalarning beqarov qolishi sabab boʻlayapti, deb oʻylayman. Ota-onalar ishda farzandi uchun mehnat qilayotgan vaqtda, bolalar uyda yolgʻiz qolyapti, mobil telefonda boʻlar-boʻlmas videolar, har xil axloqbuzar narsalar koʻrib vaqt oʻtkazayotgani tufayli kasb tanlashda, oʻz oʻrnini topishda qiynalyapti.
Bolaligidan oila, gʻurur tushunchasini singdirib, ham dunyoviy, ham diniy bilim bersa, menimcha, bunday omillar koʻpayishni oʻrniga kamaygan boʻlarmidi.
Buning uchun butun jamiyat kurashishi kerak. Ayol qul emas, kimningdur xoʻrlashi uchun dunyoga kelmagan. U oila bekasi, yetuk farzandlarning onasi boʻlishi zarur va har bir inson shunday nigoh bilan qarashi lozim!

Rizo AHMAD, filologiya fanlar doktori, professor, yozuvchi:
– Oxirgi vaqtlarda boʻlayotgan voqealarni koʻrib, avval ham shundaymidi, deb koʻp oʻylab qolaman. Yoʻq, deb ortidan javobini ham aytaman. Chunki bizning paytda oriyat degan tuygʻu kuchli edi. Hozir unday emas, ayniqsa aksariyat yigitlarda tarbiya yoʻq. Aksariyat ota-onalar yigitlarni juda erkin, boʻsh qoʻyishyapti, shuning uchun ular istagan ishini qilishyapti.
Bir yigit qizni uyatsiz soʻzlar bilan haqorat qilayotganiga guvoh boʻldim. Qiz ham eshitib jim oʻtiribdi. Jahlim chiqib ketdi. Borib: “sen ima deyayotganingni bilyapsanmi? Gapirgan gapingni qulogʻing eshityaptimi” – dedim. “Sizga nima, yoʻlingizdan qolmasangiz-chi, nima qilasiz birovlarning ishiga burningizni suqib” deya yigit behurmat qilib ketdi.
Onaga, ayolga past nazar bilan qaramaslik kerak. Ayol kishining yonida soʻkinib boʻlmaydi. Lekin yigitlarga farqi yoʻq. Yonida soʻkinmaslik tugul oʻzini soʻkib turibdi.
“Bir bola uchun yetti mahalla ota-ona” degan naqlni esdan chiqarmaslik lozim. Yoshlarning tarbiyasiga mahalla, masʼul xodimlar ham befarq boʻlmasagina bu kabi koʻngilsiz voqealar boʻlmaydi.

Zebo FAZLIDDINOVA, turk tili fan oʻqituvchisi:
– Men Turkiyada oʻqib, ishlayotgan vaqtlarda zoʻravonliklar haqida eshitganman. Chet elda ham baxtsiz hodisalar uchrab turadi. Turkiyada zoʻravonlik holatlari koʻp boʻlgani bilan chora-tadbir ham shunga yarasha. Xotin-qizlar oʻz haq-huquqini talab qila oladi va hattoki, uyali aloqalarga “kados” nomli ilova oʻrnatilgan. Xavf-xatarni sezishingiz bilan ana shu ilova orqali xabar bersangiz, ichki ishlar xodimlari darrov yetib keladi.
Internet rivojlangandan buyon zoʻravonlikka doir voqealar ham mediada yoritila boshladi va ayollarning huquqi toptalishiga yoʻl qoʻyishmaydi. “Yopiqlik qozon yopiqligicha qolsin” degan gap yoʻq. Ayni vaqtda Oʻzbekistonda ham internet ancha rivojlangani sababli bunday noxush holatlarni yashirishning iloji boʻlmay qoldi.

Feruza OMONBOYeVA, OʻzJOKU talabasi:
– Xotin-qizlarga zoʻravonlik oldin ham boʻlgan, hozir ham bor. Shunchaki oldin internet unchalik rivojlanmagani sabab xabarlar tez tarqalmagan. Zoʻravonlik koʻpchilik hollarda oilada kuzatilyapti. Oiladagi muhit, tarbiya, ayollarning oiladagi oʻrnining pastligi bunga sabab, deb oʻylayman. Misol uchun, oilada onaning oʻrni boʻlsa, oʻgʻil farzand onasini hurmat qilib, yaxshi koʻrib voyaga yetsa, boshqa ayollarni ham shunday hurmat qiladi. Ayol qadrlangan, hurmat qilingan muhitda ularga nisbatan zoʻravonlik boʻlmaydi, jamiyatda ham bu kabi illatlar kamayadi.


Raqamlar fosh etgan achinarli haqiqat

Darhaqiqat, soʻnggi vaqtlardagi noxush holatlar tahlili ham yurtimizda bu masala eng dolzarb va judayam achinarli ekanini koʻrsatadi. Ayniqsa, oilaviy zoʻravonlikdan tashqari voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik, shilqimlik holatlari soʻnggi vaqtlarda tez-tez uchrayotganiga biror izoh berishga qalam ham ojiz. Yuqorida eslab oʻtganimiz kabi poytaxtdagi 12 yoshli qizga zoʻravonlik, “Xorazm ishi”, yana voyaga yetmagan qizga tegajogʻliq hamda shu kecha-unduzda muhokama boʻlayotgan Chilonzordagi bogʻchada kuzatilgan voqea shular jumlasidan.

Ushbu maqola tayyorlanish jarayonida esa yana ketma-ket noxush holatlar haqida xabar tarqaldi: Namanganda 26 yoshli erkak oʻzining 23 yoshli turmush oʻrtogʻini xoʻjalik pichogʻi bilan qasddan oʻldirgan. Keyin oʻz joniga qasd qilgan. Xorazmda esa 18 yoshli qiz oʻzini osgan. Hozirda oʻlim sababini aniqlash yuzasidan sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Bu xabarlar etni junjiktirmay qolmaydi.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2022 yilda 73 ta 14 yoshga toʻlmagan bola bilan jinsiy aloqaga kirishish jinoyati sodir etilgan. Bu koʻrsatkich 2019 yilda – 52, 2020 yilda – 35, 2021 yilda – 57 tani tashkil etgan, yaʼni keyingi 2 yilda vaziyat keskin salbiy tus olganini koʻrish mumkin.

Ana shunday noxush holatlarga qarshi kurash uchun joriy yil 11 aprel kuni “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Yangi imzolangan qonun bilan esa ana shunday noxush holatlar – xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan zoʻravonlikning har qanday turi uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Bu choralar esa oʻz samarasini berishiga umid qilamiz.

Shu oʻrinda esa otalar, aka-ukalarga bir aytar soʻz shuki, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish barobarida ayollarga xizmatkor nigohi bilan emas, kelajak avlodni tarbiyalaydigan ona sifatida qarang. Qizlarning taʼlim olishiga toʻsqinlik qilmang. Bir uyning bekasi boʻladigan, Vatanimizga olim va olimalarni yetishtirib beradigan qizingizni ilm olish baxtidan mahrum qilmang. Bu ular uchun oʻz haq-huquqini talab qila olishi, oʻziga ishongan ruhda ulgʻayishiga zamin boʻladi. Axir donolarimiz: “Oʻgʻil bolaning ilm olishi – bir kishiga, qiz bolaning oʻqitilishi esa butun jamiyatga taʼlim berish bilan teng” – deb bejizga aytishmagan boʻlsa kerak.

Gulshanoy ALIJONOVA, OʻzJOKU talabasi

© 2025 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 97 022 01 10 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid