platina.uz
Jahon

Uch yil avval hukumat yashirishga uringan Covid-19 avj olgan vaziyatni ommaga oshkor qilgan fuqaro qamoqdan ozod qilindi

Uxanlik fuqaro Fang Bin markaziy Xitoydagi Covid-19 sabab ogʻir epidemik vaziyatni koʻrsatuvchi videotasvirni tarqatganidan soʻng gʻoyib boʻlgandi. Chunki hukumat mamlakatda global favqulodda holat koʻlami haqidagi maʼlumotlarni yashirishga uringan. 

Uch yil avval hukumat yashirishga uringan Covid-19 avj olgan vaziyatni ommaga oshkor qilgan fuqaro qamoqdan ozod qilindi

Uxan shahrida Covid-19 ning dastlabki avj olishini hujjatlashtirgan doʻkonchi Fang Bin Xitoyda uch yil qamoqda oʻtirganidan soʻng ozodlikka chiqdi.

Manbalarning aytishicha, Fang Bin qamoqda saqlanish paytida ovqat yetishmovchiligi va kam uxlash oqibatida juda qiynalgan va ozib ketgan. Uning 2020 yil boshida ijtimoiy tarmoqlarga joylagan videroliklari sirli virusning juda tez tarqalayotgani va koʻp oʻlimga sabab boʻlayotganini oshkor qildi. Bu esa Xitoydagi oʻta qattiq senzura qilinadigan davlat OAV tarqatgan rasmiy versiyaga mutlaqo zid kelardi.

Xitoy hukumati 2020 yil yanvarida Uxan shahrini yopib qoʻydi. Biroq sogʻliqni saqlash uchun mutasaddi idoralar oradan 4 hafta oʻtganidan soʻnggina odamlar orasida qandaydir sirli virus tarqalayotgani haqida dunyo hamjamiyatini xabardor qilishdi.

Uxanda kiyim sotish bilan shugʻullangan Fangning videolaridan birida ogʻir kasallar toʻlib ketgan kasalxona yoʻlaklari va ularning yonida gʻamgin turgan qarindoshlarini koʻrsatgan. Video davomida Fang yuk mashinasiga murda uchun ortilgan qoplarni sanab koʻrsatgan. Bu tasvirlar xitoyliklarning diqqatini tortib, junbushga keltirdi, chunki oʻsha paytda odamlar shaharning virus epitsentrida nima boʻlayotganini bilishga juda tashna edi.

Fang oxirgi videosida uning eshigi oldiga bir guruh odamlar kelib, savollar berayotganini koʻrsatib, uyi politsiyachilar tomonidan oʻrab olinganini maʼlum qilgan. “Xalq qoʻzgʻolsin, hokimiyatni xalqqa qaytaringlar” degan Fang ushbu videosida.
Shundan keyin Fang izsiz yoʻqoldi.

Uning qarindoshi CNNga xabar berishicha, Fangning boʻyniga “janjal koʻtarish va noxush voqealarga sababchi boʻlish” aybini qoʻyishib, uch yil ozodlikdan mahrum etishgan. Bu moddani odatda aktivistlar va hukumatni tanqid qiluvchi insonlarning ovozini oʻchirish uchun qoʻllashadi.

Oʻtgan yil oxirida Xitoy Covid-19 ni nazorat qilish uchun oʻrnatgan cheklovlarini biroz yumshatdi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining maʼlumotlariga koʻra, Xitoyda Covid xastaligidan 120 ming kishi halok boʻlgan. Lekin ekspertlar haqiqiy raqamlar bundan bir necha barobar kattaligini aytishadi.

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid