platina.uz
Siyosat

Turizm elchisi Sofi Ibbotson Oʻzbekistonda sayyohlik taraqqiyotiga toʻsqinlik qilayotgan 3 muammo haqida

2019 yildan beri Oʻzbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi sifatida faoliyat yuritayotgan Sofi Ibbotson mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar soni turizm samaradorligini ifoda etmaydi, degan fikrda. “Bu raqamga bogʻlanib qolmaslik kerak” deydi u.

Turizm elchisi Sofi Ibbotson Oʻzbekistonda sayyohlik taraqqiyotiga toʻsqinlik qilayotgan 3 muammo haqida

“Oʻzbekiston nafaqat mamlakat ichkarisida, balki mamlakat tashqarisida ham turizmni rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega. Bu salohiyatdan qanchalik foydalanilayotganini hamda natijalarni sarhisob qilishda negadir mamlakatga tashrif buyurgan sayyohlar soniga asoslanishadi. Biroq bir yilda falon million sayyoh tashrif buyurdi, deyish bilan ishlar samaradorligini baholab boʻlmaydi. Bu raqamga bogʻlanib qolmaslik kerak. Asil natijani sayyohlarning mahalliy iqtisodiyot uchun sarflayotgan mablagʻlari miqdori hamda turizm sohasida yaratilayotgan ish oʻrinlari soni bilan oʻlchash lozim. Jahon turizmi standartlarida ham, xalqaro statistik hisob-kitoblarda ham turizm taraqqiyotining darajasini shu raqamlar bilan baholashadi. Bu raqamlar mamlakatga kirib kelayotgan sayyohlar sonidan koʻra anchayin qimmatli natija hisoblanadi”, deydi Sofi Ibbotson.

Albatta har qanday xorijlik Oʻzbekistonga sayohat qilishdan oldin yurtimizda mehmon boʻlgan sayyohlarning fikrlari va taqriz hamda tavsiyalariga tayanadi. Ibbotson xonimdan brend elchisi emas, oddiy bir sayyoh sifatida Oʻzbekiston turizmining rivojlanishidagi yutuqlar, hali qilinishi zarur boʻlgan muammolar va ularning yechimi boʻyicha fikrlarini soʻradik. Shuningdek, sayyohlarga Oʻzbekistonning qaysi manzillarini koʻrishni tavsiya etishiga qiziqdik.

– Nima deb oʻylaysiz, Oʻzbekistonda turizmni rivojlantirish boʻyicha yutuqlar bormi? Sohada oʻsish kuzatilyaptimi?

– Hech shubhasiz, Oʻzbekiston turizmi rivojlanib bormoqda. Buni shunchaki bir mehmonning xushomadi sifatida qabul qilmang. Turizm rivojlanib borayotganini, yuqorida aytganimdek, muhim koʻrsatkich va raqamlardagi oʻzgarishlardan ham koʻrsa boʻladi. Bu natijalarni nafaqat mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimining koʻpaygani yoki turizmdan tushayotgan daromadlarning oshganidan, balki koʻplab yangi mehmonxona va restoranlar ochilayotgani, shaharlardagi transport tizimining takomillashayotgani, oʻtkazilayotgan festival va tadbirlar sonining oshganidan ham bilsa boʻladi. Shu oʻrinda yangi restoran va mehmonxonalarning koʻpayishi sayyohlar oqimining koʻpaygani bilan izohlanishiga urgʻu berishni istardim. Chunki bu sohalar juda nozik boʻladi. Barqaror mijozlar oqimi boʻlmasa, tez orada yopilib ketishga mahkum boʻladi. Iqtisodiyotning talab va taklif qonuniyatidan kelib chiqib aytishimiz mumkinki, Oʻzbekistonda turizm sekin-asta boʻlsa-da, rivojlanib bormoqda.

Masalan, men oʻzim bu oʻzgarishlarga guvoh boʻlayotgan bir mutaxassis sifatida Oʻzbekistonda koʻplab tarixiy yodgorliklarning restavratsiya qilinayotganidan mamnun boʻldim. Chunki ular nafaqat sayyohlarni jalb etishga xizmat qiladi, balki kelajak avlodga meros boʻlib qoladi. Uzoq oʻtmishda roʻy bergan voqealarga guvoh boʻlgan obida sifatida Oʻzbekistonning qadimiy tarixi haqida soʻzlab beradi.

– Oʻzbekiston turizmi sohasida hal qilinishi zarur qanday muammolar bor? Ularga qanday yechim taklif etasiz?

– Sayyohlik uchun nafaqat Oʻzbekistonda, balki xalqaro arenada ham kuzatiladigan eng katta muammo – bu barqaror rivojlanish hisoblanadi. Koʻplab mehmonxonalar qurib tashlash, oʻnlab tarixiy obidalarni taʼmirlash va sayyohlarni jalb etish choralariga zoʻr berish oson. Lekin oqilona yoʻl tutilmasa, bu faoliyat tabiatga, madaniyat va jamiyatga, mamlakatning barqarorligiga putur yetkazishi mumkin. Yaʼni turizmni rivojlantirish choralarining atrof-muhitga noxush taʼsirini kamaytirish ustida ham bosh qotirish lozim. Oʻzbekiston oʻzining taraqqiyot starategiyasida baraqaror rivojlanishni birinchi oʻringa chiqarishi kerak. Shuningdek, barqarorlikni taʼminlash xarajatlarini hisobga olish, koʻrilayotgan har bir chora-tadbirlarda buning oqibatlarini yumshatishga intilish maqsadga muvofiq boʻladi.

– Sayyohlikni rivojlantirish yoʻlida tadbirkorlarga berilayotgan qaysi imtiyozlarni samarador, deb hisoblaysiz?

– Oʻzbekiston hukumati turizmni rivojlantirish uchun koʻplab moliyaviy ragʻbatlantirishlarni yoʻlga qoʻygan. Turli tadbir va anjumanlar ham shular sirasiga kiradi. Bunday moliyaviy ragʻbatlantirishlarning amaliy ifodasini sayyohlik operatorlarining xarajatlarini subsidiyalashda, jumladan, ularning xorijda oʻtkaziluvchi yirik xalqaro turistik yarmarkalarda va madaniy tadbirlarda ishtirok etish uchun sarflagan xarajatlarini qoplab berishda koʻrish mumkin. Bunday harakatlar albatta oʻz samarasini bermay qolmaydi. Chunki bunday turoperatorlar xorijdagi tadbirlarda Oʻzbekistonni tamsil etishadi, uning turistik salohiyatini targʻib etishadi.

– Turizm taraqqiyotiga toʻsqinlik qilayotgan 3 muammoni 3 soʻz bilan aytsangiz.

– Rejalashtirish, sigʻim va personal.

– Shaxsan oʻzingiz Oʻzbekiston turizm rivojiga qanchalik hissa qoʻshdingiz?

– Men aslida uzoq yillardan beri Oʻzbekistonni turistik yoʻnalish sifatida targʻib etib kelaman. Lekin 2019 yilda meni turistik brend elchisi etib tayinlashganidan keyin bu boradagi faoliyatim oʻta qizgʻin tus oldi. Jumladan, Oʻzbekistonning turistik salohiyati tahlil etilgan kitob yozdim. Bu kitobim ilk marta Bradt Travel Guides da nashr etilib, tez orada bestsellerga aylandi. Hozirda kitobning uchinchi nashri tayyorlanmoqda.

Shu bilan birga, xalqaro jurnalistlar uchun Oʻzbekistonga oʻnlab press-sayohatlar uyushtirib, ularning mazmunli va samarali oʻtishiga bosh-qosh boʻldim.

Bundan tashqari, muntazam ravishda Oʻzbekiston haqida maqolalar eʼlon qilib, suratlar chop etib boryapman. Shuningdek, koʻplab oʻquv yurtlari hamda anjumanlarda maʼruzalarim bilan qatnashishni kanda qilmayman. Turli xorijiy va oʻzbek nashrlariga intervyu berib turaman. Bir soʻz bilan aytganda, mening butun faoliyatim va hayotim Oʻzbekistonni kashf etishga, bu ajib va goʻzal diyor haqida imkon qadar koʻproq odamlarni xabardor qilishga qaratilgan.

– Sayyohlarga Oʻzbekistonning qaysi manzillarini koʻrishni tavsiya qilgan boʻlardingiz?

– Oʻzbekistonga birinchi bor va qisqaroq muddatga kelayotgan sayyohlarga albatta Toshkent, Samarqand va Buxoroni tomosha qilishni tavsiya qilgan boʻlardim. Agar sayyohlarning vaqtlari koʻproq boʻlsa yoki qayta tashrif buyurishgan boʻlsa, ularga Oʻzbekistonning chekkaroq hududlarini aylanishni taklif qilaman. Jumladan, qadimiy Xiva shahridagi hamda Qoraqalpogʻistondagi arxeologik yodgorliklar bilan tanishish katta ruhiy va madaniy zavq beradi.

Ekoturizm ishqibozlari esa Surxondaryo tabiati goʻzalliklari bilan oshno boʻlishlari mumkin. Oʻzbek xalqining madaniy merosi bilan tanishishni istaganlarni Fargʻona vodiysidagi xalq hunarmandchiligi markazlarini ziyorat qilishga undagan boʻlardim.

Bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Men faqat oʻzimga yoqqan va boshqalar ham albatta koʻrishlarini istagan joylarni sanab oʻtdim, xolos.

Abulfayz SAYIDASQAROV suhbatlashdi

Telegramda kuzatib boring!

Tavsiya etamiz

© 2026 Platina.uz. Barcha huquqlar himoyalangan. «Platina.uz» saytida joylangan ma'lumotlar muallifning shaxsiy fikri. Saytda joylangan har qanday materiallardan yozma ruxsatsiz foydalanish ta'qiqlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan 02.12.2022 sanasida №051412 sonli guvohnoma bilan OAV sifatida roʻyxatga olingan.
Platina.uz saytida reklama joylashtirish masalasida +998 88 100 11 55 telefon raqamiga (Telegram: Platina PR) murojaat qiling. Tahririyat bilan aloqa: info@platina.uz
18+

Ilovamizni yuklab olish

iOSAndroid